Universal Music Group va TikTok sunʼiy intellektga qarshi kelishuvga erishdi

Universal Music Group va TikTok sunʼiy intellektga qarshi kelishuvga erishdi

Universal Music Group (UMG) va TikTok litsenziyalash shartnomasini yangilaganini eʼlon qildi. Mazkur kelishuv platformadagi ruxsatsiz sunʼiy intellekt (AI) yordamida yaratilgan musiqalarni oʻchirish hamda sanʼatkorlar va qoʻshiq mualliflariga tegishli mualliflik huquqlarini himoya qilishni koʻzda tutadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

UMG bayonotiga koʻra, yangi kelishuv inson ijodkorligini qoʻllab-quvvatlash va platformadan tushadigan daromadlarning adolatli taqsimlanishini taʼminlashga qaratilgan. TikTok va UMG birgalikda ruxsatsiz AI-kontentlarni platformadan olib tashlash va mualliflarni koʻrsatish tizimini takomillashtirish ustida ish olib boradi.

Ushbu hamkorlik ikki gigant oʻrtasidagi munosabatlarda muhim burilish nuqtasi boʻldi. 2024-yil boshida UMG TikTokʼni mualliflik huquqlarini yetarli darajada himoya qilmaslikda ayblab, oʻz musiqiy katalogini platformadan vaqtincha olib tashlagan edi. Bu nizo natijasida millionlab videolar musiqasiz qolib ketgan va TikTok yirik leyblar bilan hisoblashishga majbur boʻlgan.

Musiqa sanoati soʻnggi yillarda sanʼatkorlarning ovozini taqlid qiluvchi va algoritmlarni aldovchi AI vositalaridan jiddiy xavotirda edi. Masalan, Drake va The Weeknd kabi yulduzlarning ovozi bilan yaratilgan soxta treklar millionlab marta tinglanib, katta shov-shuvga sabab boʻlgan edi. Yangi kelishuv boshqa texnologik kompaniyalar uchun ham intellektual mulkni himoya qilishda namuna boʻlishi kutilmoqda.

TikTok oʻz navbatida musiqa sanoati uchun foydali hamkor ekanini isbotlashga urinmoqda. Oʻtgan yili ishga tushirilgan “TikTok for Artists” platformasi sanʼatkorlarga oʻz ijodini targʻib qilish va tahliliy maʼlumotlarga ega boʻlish imkonini beradi. Endilikda AI-kontentlar ustidan nazoratning kuchayishi ijodkorlarning huquqlarini yanada mustahkamlaydi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.