Gepatitning «S» turi aniqlangan bemorlar dori vositalari bilan bepul ta’minlanadi

Gepatitning «S» turi aniqlangan bemorlar dori vositalari bilan bepul ta’minlanadi
Prezident “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Quyidagilar aholi orasida ayrim virusli infeksiyalarni o‘z vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash bo‘yicha aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada takomillashtirish va kengaytirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
  • virusli gepatitlarning “V” va “S” turlarini erta aniqlash uchun respublikaning barcha hududlarida skrining tekshiruvlarini o‘tkazish va kasallikni davolash qamrovini oshirish;
  • kasallik yuqishi xavfi yuqori bo‘lgan shaxslarni, shu jumladan, qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlovchi tibbiyot xodimlarini gepatit “V” infeksiyasiga qarshi emlash bilan to‘liq qamrab olish;
  • skrining tekshiruvlarida virusli gepatit “S” turi aniqlangan bemorlarni davolash jarayonida dori vositalari bilan bepul ta’minlash;
  • sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida virusli infeksiyalarni aniqlash uchun sarflov materiallari (reagent va test-to‘plamlari) bilan bosqichma-bosqich to‘liq ta’minlash;
  • barcha davolash-profilaktika muassasalari, sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda nodavlat tibbiyot tashkilotlarida jigar surunkali virusli kasalliklarining yagona elektron reyestrini yaratish va uni yuritish;
  • vaksinalar, test-to‘plamlari va virusga qarshi dori vositalari xavfsizligi, sifati va samaradorligi nazoratini takomillashtirish;
  • virusli infeksiyalar muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish, kasalliklarni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish;
  • virusli infeksiyalar yuqishining oldini olish tadbirlari bo‘yicha aholi o‘rtasida keng qamrovli tushuntirish, targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish.

Prezidentning “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2022 yil 1 iyundan boshlab qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlash amaliyoti joriy etiladi.
"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.