Hafta boshida ob-havo keskin oʻzgaradi: ayrim joylarda yomgʻir kutilmoqda

Hafta boshida ob-havo keskin oʻzgaradi: ayrim joylarda yomgʻir kutilmoqda

Oʻzbekistonda yangi hafta beqaror ob-havo bilan boshlanishi kutilmoqda. Oʻzgidromet maʼlumotiga koʻra, 4 may, dushanba kuni respublikaning ayrim hududlarida qisqa muddatli yomgʻirlar kuzatilishi mumkin.

Toshkentda qanday ob-havo boʻladi?

Toshkent shahrida havo oʻzgaruvchan boʻlib, vaqt-vaqti bilan yomgʻir yogʻishi va momaqaldiroq kuzatilishi ehtimoli bor. Shamol gʻarb tomondan 3–8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 13–15°, kunduzi esa 24–26° atrofida boʻladi.

Hududlardagi vaziyat

Respublikaning shimoliy qismi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida yogʻingarchilik kutilmaydi. Bu yerlarda shamol kuchliroq boʻlib, 9–14 m/s gacha yetishi mumkin, harorat kunduzi 27–32° gacha koʻtariladi.

Buxoro viloyati va Navoiy viloyatida ham asosan quruq ob-havo saqlanadi. Harorat kunduzi 23–28° atrofida boʻladi.

Markaziy hududlar — Sirdaryo viloyati, Jizzax viloyati va Samarqand viloyatida ayrim joylarda qisqa muddatli yomgʻir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.

Janubda — Qashqadaryo viloyati va Surxondaryo viloyatida yogʻingarchilik ehtimoli kam, harorat 31° gacha chiqishi mumkin.

Sharqiy hududlar — Andijon viloyati, Namangan viloyati va Fargʻona viloyatida esa ayrim joylarda yomgʻir va momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

Togʻli hududlarda ehtiyot boʻling

Togʻoldi va togʻli hududlarda yomgʻir ayrim joylarda kuchli boʻlishi, sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi aytilmoqda.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, may oyining ilk kunlari davomida mamlakat boʻylab beqaror ob-havo saqlanib, ayrim hududlarda shamol va yogʻingarchiliklar kuzatilishi ehtimoli yuqori. Shu bilan birga, oy odatdagidan biroz issiqroq kelishi kutilmoqda.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.