Fiat Grizzly: Grande Panda modelining hamyonbop va yirik akasi taqdim etildi

Fiat kompaniyasi oʻzining yangi Grizzly krossoverlarini ilk bor namoyish etdi. Ushbu model Grande Pandaʻning kattaroq versiyasi boʻlib, brendning Yevropadagi muhim C-segmentida oʻz oʻrnini mustahkamlashiga xizmat qiladi. Grizzly ham fastbek, ham klassik SUV koʻrinishida sotuvga chiqariladi. Fiat bosh direktori Olivier Françoisʻning soʻzlariga koʻra, bu oilaviy avtomobil brend faoliyat yuritadigan uchta asosiy mintaqa: Yevropa, Lotin Amerikasi hamda Yaqin Sharq va Afrika bozorlari uchun moʻljallangan. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Grizzly modeli Stellantis guruhining hamyonbop avtomobillar uchun moʻljallangan Smart Car platformasida qurilgan boʻlib, xuddi shu baza Grande Panda, Citroën C3 va Vauxhall Frontera modellarida ham qoʻllanilgan. Olivier François ushbu yangilik haqida gapirar ekan, u nafaqat bozor ulushini, balki kompaniyaning daromadliligi va brend nufuzini ham yangi bosqichga olib chiqishini taʼkidladi. Avtomobilning rasmiy premyerasi oktabr oyida Parij avtosalonida boʻlib oʻtishi kutilmoqda.
Yangi krossover oʻzining oʻlchamlari va narxi boʻyicha Dacia Duster hamda Skoda Kamiq kabi modellar bilan raqobatlashadi. Grizzly xaridorlarga benzinli, gibrid va toʻliq elektr quvvatli dvigatel variantlarida taklif etiladi. Bu Fiatʻning hamyonbop avtomobillar bozoridagi qamrovini kengaytirishga qaratilgan strategiyasining bir qismidir.
Shuningdek, Fiat kelajakdagi boshqa rejalarini ham ochiqladi. Ular orasida Citroën Ami bazasidagi Topolino modelidan yuqoriroq turuvchi toʻrt oʻrinli mikrokarlar va 1980-yillardagi original Panda modelidan ilhomlangan yangi shahar elektromobili bor. Narxi 15 ming funt sterlingdan past boʻlishi kutilayotgan ushbu ixcham elektromobil Italiyadagi Pomigliano zavodida ishlab chiqariladi.













