Mercedes-AMG CLE 63 Mythos: V8 dvigatellari qaytmoqda

Mercedes-AMG brendi oʻzining yangi CLE 63 Mythos kupesi orqali V8 dvigatellariga qatʼiy qaytishini eʼlon qildi. Shu paytgacha CLE modelining AMG variantlari faqat olti silindrli turbo dvigatellar bilan taklif qilingan edi, biroq Mythos seriyasi yangilangan S-Class modelidan olingan kuchli V8 agregatini taqdim etadi. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Ushbu 4.0 litrli tvin-turbo dvigatel odatda superkarlarga xos boʻlgan "flat-plane" tirsakli val bilan jihozlangan. S-Class modelida ushbu motor 530 ot kuchi va 750 Nm aylanish momentini taʼminlab, ikki tonnalik sedanni 4.4 soniyada 100 km/soat tezlikka olib chiqadi. Eksklyuziv Mythos turkumidagi ikkinchi model boʻlmish CLE 63 uchun muhandislar quvvatni yanada oshirishni rejalashtirishgan.
Taxminlarga koʻra, yangi kupening quvvati 600 ot kuchidan oshadi va bu unga 100 km/soat tezlikka 4 soniyadan kamroq vaqt ichida erishish imkonini beradi. Avtomobil shassisi bunday yuqori quvvatga moslashish uchun jiddiy modernizatsiya qilinadi. Nürburgring trassasida sinovdan oʻtayotgan prototip amaldagi CLE 53 modeliga qaraganda ancha pastroq va kengroq ekani koʻzga tashlanmoqda.
AMGʼning V8 dvigatellariga qaytishi gibrid texnologiyalar va kichik hajmli motorlarga oʻtish tajribasi muvaffaqiyatsiz chiqqanidan soʻng yuz berdi. Kompaniya vakillarining soʻzlariga koʻra, C63 va GLC 63 modellaridagi toʻrt silindrli plagin-gibrid tizimi anʼanaviy mijozlar tomonidan yaxshi kutib olinmadi. Shuningdek, ushbu motorlarni Euro 7 standartlariga moslashtirish xarajatlari juda yuqori ekani maʼlum boʻldi.













