Yangi UAZ Patriot: Rasmiy suratlar va video eʻlon qilindi

Ulyanovsk avtomobil zavodi bosh direktori Ilnur Saxabiyev oʻzining “VK Video” kanalida yangilangan UAZ Patriot modelining rasmiy videoroligini namoyish etdi. Zavod rahbari ushbu yoʻltanlamas joriy yilning kuz faslida bozorga chiqishini tasdiqladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Maʻlum qilinishicha, kuzda bir yoʻla uchta yangilik taqdim etiladi: yangilangan Patriot modelidan tashqari, modernizatsiya qilingan Pikap va Profi modellari ham sotuvga chiqadi. Videoda yoʻltanlamasning yangi dizayndagi rul chambaragi va old paneli yaqindan koʻrsatilgan.
Salonda yangi 6 pogʻonali mexanik uzatmalar qutisi dastagi hamda razdatka boshqaruvi uchun moʻljallangan aylanma selektor yaqqol koʻzga tashlanadi. Shuningdek, iqlim nazorati bloki va orqa oʻrindiqdagi yoʻlovchilar uchun koʻplab USB portlar oʻrnatilgani maʻlum boʻldi.
Texnik jihatdan yangilangan UAZ Patriot 150 ot kuchiga ega 2,7 litrli ZMZ Pro benzinli dvigateli hamda 136 ot kuchi beradigan yangi 2,0 litrli turbodizel motor bilan jihozlanadi. Har ikkala kuch agregati yangi 6 pogʻonali “mexanika” bilan birga ishlaydi.
Avvalroq tarqalgan maʻlumotlarga koʻra, avtomobil 9 dyuymli ekranli yangi mediasistema va toʻliq svetodiodli optikaga ega boʻlishi kutilmoqda.













