Toyota Camryʼdan kattaroq va arzon: Geely Galaxy Star 7 taqdim etildi

Toyota Camryʼdan kattaroq va arzon: Geely Galaxy Star 7 taqdim etildi

Geely kompaniyasi avtomobil bozorida haqiqiy shov-shuvga sabab boʻladigan taklif bilan chiqdi. Uzunligi 5 metrga yetadigan yangi Galaxy Star 7 gibrid sedani sotuvga chiqarildi. Mazkur model Toyota Camry va Avalon kabi keng salonli sedanlar bilan raqobatlashish uchun moʻljallangan. Eng eʼtiborli jihati shundaki, agar Toyota Camryʼning 2,5 litrli dvigatelga asoslangan gibrid versiyasi 200 ming yuandan qimmatroq tursa, Geely Galaxy Star 7 narxlari ancha hamyonbop: 109 mingdan 140 ming yuangacha (taxminan 15 000 – 19 500 dollar) etib belgilangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Avtomobil Thor AI Hybrid 2.0 tizimi bilan jihozlangan. Uning asosini 1,5 litrli (111 ot kuchi) benzinli dvigatel va elektromotorlar tashkil etadi. Orqa uzatmali versiyada 190 ot kuchiga ega bitta motor oʻrnatilgan boʻlib, tizimning umumiy quvvati 301 ot kuchini tashkil qiladi. Toʻliq uzatmali (e-AWD) talqinda esa ikkita elektromotor mavjud boʻlib, umumiy quvvat 425 ot kuchiga yetadi. Barcha versiyalar 28,3 kW·soat quvvatga ega akkumulyator bilan jihozlangan boʻlib, faqat elektr rejimida 220-230 km masofa bosib oʻta oladi.

Galaxy Star 7 oʻlchamlari 4958 x 1915 x 1505 mm, gʻildiraklar bazasi esa 2852 mm ni tashkil etadi. Avtomobilning old qismi McPherson, orqa qismi esa koʻp dastaqli (multi-link) osma bilan jihozlangan. Shuningdek, tizim adaptiv xususiyatga ega boʻlib, hatto 160 km/soat tezlikda shina teshilgan holatda ham barqarorlikni saqlash funksiyasi bilan taʼminlangan.

Salonda qulaylikka katta eʼtibor berilgan: yumshoq materiallar, ikki qavatli oynalar, 256 xil rangli atmosfera yoritgichi va 16 ta dinamikli audiotizim mavjud. Haydovchi uchun 10 dyuymli raqamli panel va 15,4 dyuymgacha boʻlgan mediaekran, shuningdek, 16,6 dyuymli proeksion displey (HUD) oʻrnatilgan. Old oʻrindiqlar ventilyatsiya, isitish va massaj funksiyalariga ega, orqa yoʻlovchilar uchun esa yigʻiluvchi stollar koʻzda tutilgan. Avtonom boshqaruv tizimi esa trassada mashinani mustaqil boshqarish va avtomatik parkovka qilish imkonini beradi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.