Tramp Polshaga qo‘shimcha 5 ming harbiy yuborilishini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Polshaga qo‘shimcha 5 ming nafar amerikalik harbiy yuborilishini ma’lum qildi. U bu haqda o‘zining Truth Social sahifasida yozib qoldirdi.
Mazkur bayonot Pentagonning Polshaga 4 ming askar jo‘natish rejasini bekor qilgani haqidagi xabarlardan bir hafta o‘tib yangradi. AQSh Mudofaa vaziri Pit Hegset esa bu qaror to‘liq bekor emas, vaqtinchalik kechiktirish bo‘lganini bildirgan.
Tramp ma’muriyati so‘nggi haftalarda “America First” siyosati doirasida Yevropadagi harbiylar sonini qisqartirish niyatini bildirayotgan edi. Shunga qaramay, Vashington Polshadagi harbiy ishtirokni saqlab qolmoqchi ekanini ta’kidlamoqda.
Avvalroq AQSh Germaniyadan 5 ming nafar askarini olib chiqishini e’lon qilgan edi. Hozircha Polshaga yuboriladigan qo‘shimcha harbiylar aynan Germaniyadan chiqarilayotgan qo‘shinlar hisobidan bo‘ladimi yoki alohida kontingent sifatida jo‘natiladimi, noma’lum.













