Xayrullo Hamidov she’ri: Millat dardi

Xayrullo Hamidov she’ri: Millat dardi
Meni bitta g‘amli o‘y charchatadi,
Alamli, sitamli o‘y charchatadi.
Mehnatdan elimni qo‘rqitolmaysiz,
Charchatsa o‘zbekni, to‘y charchatadi.

Ilohiy sabrga tan bergan samo,
Unga chikoradir ming bir muammo.
Arslonni indamay yiqadi, ammo
Charchatsa o‘zbekni, to‘y charchatadi.

Jim boqa oladi o‘n bolani ham,
Bir qarab chiqadi so‘ng dalani ham,
Yiqsa yiqoladi faqat bitta g‘am –
Charchatsa o‘zbekni, to‘y charchatadi.

Toshni kemiradi yo‘lidan chiqsa,
Suvni simiradi ko‘lidan chiqsa.
Jonvor tirik chiqmas qo‘lidan chiqsa,
Charchatsa o‘zbekni, to‘y charchatadi.

Chidaydi yashasa ham zo‘rg‘a, arang,
Bardoshga yo‘g‘rilgan simlari tarang.
Shu – to‘yga kelganda boshlari garang...
Charchatsa o‘zbekni, to‘y charchatadi.

O‘g‘lini uylaydi, to‘kilib qolar,
Qizini chiqarib bukilib qolar,
Bitta nuqta topib, tikilib qolar,
Charchatsa o‘zbekni, to‘y charchatadi.

Demang, tashvish unda hovli, uyniki,
Uni hasham ezar, qo‘shiq, kuyniki.
Sochidagi oqlar faqat to‘yniki...
Charchatsa o‘zbekni, to‘y charchatadi.

Manba: Azon.uz
"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.