DNS nosoz videokarta sababli 2,2 million rubl toʻlashga majbur boʻldi

DNS nosoz videokarta sababli 2,2 million rubl toʻlashga majbur boʻldi

Tomsklik ayol DNS doʻkonlar tarmogʻidan videokartaning sovutish tizimidagi nosozlikni tuzatishdan bosh tortgani uchun 2,2 million rubldan ortiq mablagʻ undirishga muvaffaq boʻldi. Qizigʻi shundaki, mutaxassislarning fikricha, ushbu qurilmani taʼmirlash xarajatlari bor-yoʻgʻi 4 ming rubl atrofida baholangan edi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Voqea ayolning ikkilamchi bozordan videokarta sotib olishidan boshlangan. Sotuvchi unga qurilma bilan birga xarid cheki va amal qilayotgan kafolat hujjatlarini ham topshirgan. Oradan koʻp oʻtmay, videokarta ventilyatori gʻalati ovoz chiqara boshlagan va xaridor kafolat boʻyicha taʼmirlash uchun DNS servis markaziga murojaat qilgan. Biroq doʻkon maʼmuriyati qurilma boshqa shaxsga qayta sotilganini bahona qilib, xizmat koʻrsatishdan bosh tortgan.

Shundan soʻng nizo sudga koʻchdi. Yurist Ilya Solovyovning soʻzlariga koʻra, birinchi instansiya sudi DNS zimmasiga 700 ming rubl toʻlash majburiyatini yuklagan, ammo riteyler apellyatsiya berib, bu qarorni bekor qildirgan. Shunga qaramay, xaridor taslim boʻlmasdan kassatsiya shikoyati kiritdi va oʻz haq-huquqlarini isbotladi. Ish qayta koʻrib chiqishga yuborildi va sud yana daʼvogar foydasiga qaror chiqardi.

Sud jarayonlari davom etayotgan bir paytda, qonunchilikka muvofiq, talablar bajarilmagan har bir kun uchun tovar qiymatining 1 foizi miqdorida penya hisoblanib bordi. Bir yarim yil ichida bu summa keskin oʻsib ketdi. Natijada yangi daʼvo boʻyicha sud yana 1,5 million rubl va qoʻshimcha jarimalarni undirish haqida hukm chiqardi.

Yakunda ventilyatorni taʼmirlashdan bosh tortish DNS kompaniyasiga taʼmirlash narxidan qariyb 550 baravar qimmatga tushdi. Ushbu holat isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasida texnologiya bozoridagi eng yirik jarimalardan biriga aylandi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.