Walmart bitta iPad Pro narxiga oltita Android 14 planshetini chiqardi

Walmart bitta iPad Pro narxiga oltita Android 14 planshetini chiqardi

Amerikaning Walmart savdo giganti oʻzining Onn shoʻba brendi ostida Android 14 operatsion tizimida ishlovchi oʻta arzon planshetlar liniyasini sotuvga chiqardi. Taqdimotning asosiy jihati agressiv narx siyosati boʻldi: oltita yangi qurilmaning umumiy qiymati bitta flagman iPad Pro narxidan ham arzonroqdir. 9to5Google nashrining qayd etishicha, oltita gadjetdan beshtasining narxi 200 dollardan past. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Liniyadagi eng hamyonbop qurilma Onn Core 7 boʻlib, u bor-yoʻgʻi 97 dollar etib belgilangan. Bu mablagʻ evaziga xaridor 7 dyuymli IPS LCD displey, 4 GB tezkor va 64 GB doimiy xotiraga ega boʻladi. Qurilmaning xotirasini microSD kartasi yordamida kengaytirish mumkin. Ishlab chiqaruvchining taʼkidlashicha, ushbu ixcham gadjet bir marta quvvatlanish orqali 10 soatgacha ishlay oladi.

Standart seriyadagi yirikroq modellar — Onn Core 8.1 (138 dollar) va Onn Core 11 (167 dollar) ham taqdim etildi. 11 dyuymli model oʻz oʻlchamlari bilan bazaviy iPad qurilmasiga yaqin boʻlib, 6 GB tezkor xotira va 128 GB ichki xotira bilan jihozlangan. Shuningdek, brend bolalar uchun maxsus 8 va 11 dyuymli versiyalarni mos ravishda 118 va 136 dollardan sotuvga chiqardi.

Yangi kolleksiyaning flagmani Onn Pro plansheti boʻlib, uning chakana narxi 288 dollarni tashkil etadi. Qurilma 13,2 dyuymli IPS LCD ekran, 8 GB tezkor xotira va 256 GB doimiy xotira bilan taʼminlangan. Gadjet MediaTek kompaniyasining 2,6 GGs chastotali sakkiz yadroli protsessorida ishlaydi. iPad Pro modelidan farqli oʻlaroq, ushbu qurilma jamlanmasida himoya gʻilofi va elektron qalam (stilus) bepul taqdim etiladi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.