Map Protocol tokeni kiberhujum natijasida 96 foizga arzonlashdi

Map Protocol tokeni kiberhujum natijasida 96 foizga arzonlashdi

Map Protocol tarmogʻining MAPO tokeni Butter Network kross-cheyn koʻprigidagi zaiflik tufayli 96 foizga qadrsizlandi. Xakerlik hujumi natijasida tajovuzkor bir kvadrillion miqdorida MAPO tokenlarini asossiz ravishda zarb qilishga (mint) muvaffaq boʻldi. CoinGecko maʼlumotlariga koʻra, ushbu hodisadan soʻng token narxi bir necha soat ichida 0,003 dollardan 0,0001 dollargacha tushib ketgan. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.

Blockaid tahliliga koʻra, hujumchi yangi tashqi hisob raqami (EOA) orqali bir milliardga yaqin MAPO tokenlarini sotuvga chiqargan va Uniswap likvidlik pullaridan taxminan 180 000 dollar qiymatidagi 52 ETH mablagʻini oʻzlashtirgan. Hozirda xaker ixtiyorida trillionlab tokenlar qolmoqda, bu esa boshqa birja va pullar uchun xavf tugʻdirishda davom etmoqda.

Map Protocol jamoasi xatolik Solidity smart-kontrakt qatlamida yuz berganini tasdiqladi va tekshiruv oʻtkazish uchun asosiy tarmoq faoliyatini toʻxtatdi. Loyiha vakillari yangi kontrakt manzili eʼlon qilinishini va aktivlar holati boʻyicha snapshot (nusxa) olinishini bildirdi. Hujumchi nazoratidagi manzillarda qolgan barcha tokenlar haqiqiy emas deb topiladi va yangi tizimga oʻtkazilmaydi.

Ekspertlarning tushuntirishicha, xaker multisig-xabarni soxtalashtirish orqali koʻprikni aldashga muvaffaq boʻlgan. Bu jarayonda shaxsiy kalitlar oʻgʻirlanmagan, balki Solidity dasturlash tilidagi dinamik maydonlar bilan bogʻliq klassik zaiflikdan foydalanilgan. Map Protocol tarmogʻi Bitcoin, Ethereum, BNB Chain, Tron va Solana kabi ekotizimlarni oʻzaro bogʻlovchi omnichain tarmogʻi hisoblanadi.

Ushbu oyning oʻzida kamida 18 ta DeFi va blokcheyn protokollari, jumladan THORChain va Transit Finance kabi loyihalar kiberhujumlarga duch keldi. Shuningdek, The Open Network uchun moʻljallangan TON-TAC koʻprigi ham yaqinda 2,68 million dollarlik zarar koʻrganini maʼlum qildi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Laylo
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.