Xomanaiy sog‘lig‘i haqida yangi rasmiy ma’lumotlar ochiqlandi

Xomanaiy sog‘lig‘i haqida yangi rasmiy ma’lumotlar ochiqlandi

AQSH va Isroil hujumlari oqibatida jarohat olgan Eron oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiyning sog‘lig‘i bo‘yicha yangi ma’lumotlar e’lon qilindi. Bu haqda IRNA davlat axborot agentligi xabar tarqatdi.

Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Husayn Kermanpurning ma’lum qilishicha, Xomanaiy olgan jarohatlar uning tashqi ko‘rinishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmagan.

“Oliy rahnamoning jarohatlari uning yuzi yoki tashqi qiyofasiga shikast yetkazadigan darajada emas edi”, dedi Kermanpur.

Shuningdek, u G‘arb ommaviy axborot vositalarida tarqalgan turli mish-mishlarga munosabat bildirib, jarohatlar amputatsiya yoki nogironlikka sabab bo‘lmaganini ta’kidladi.

Eron oliy rahnamosi idorasi protokol xizmati rahbari Mazaher Husayniy ham Mojtaba Xomanaiyning ahvoli yaxshilanib borayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, hujumlar vaqtida rahnamo bel va tizza qismida jarohat olgan, shuningdek, qulog‘i orqasida yirtilgan jarohat kuzatilgan.

Ma’lum qilinishicha, AQSH va Isroilning 28 fevral kuni Eron hududiga amalga oshirgan aviahujumlari vaqtida o‘sha paytdagi oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lgan. Shundan so‘ng uning o‘g‘li Mojtaba Xomanaiy 9 martga o‘tar kechasi Eronning yangi oliy rahnamosi sifatida saylangan edi.

Biroq u hozirga qadar jamoatchilik oldida ko‘rinish bermagan. Shu vaqtgacha uning bayonotlari asosan televideniye orqali o‘qib eshittirilgan yoki yozma shaklda tarqatilgan. 30 aprel kuni esa Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ilk bor Xomanaiy bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.