Polymarket global bosimlar fonida KYC tizimini joriy etishni rejalashtirmoqda

Bashoratlar bozori platformasi Polymarket global tartibga soluvchi organlar tomonidan sanksiyalarni buzish va boshqa huquqiy xavflar yuzasidan bildirilayotgan bosimlar sababli foydalanuvchilarni tekshirish choralarini koʻrib chiqmoqda. The Information nashrining xabar berishicha, kompaniya oʻz faoliyatini Know Your Customer (KYC) standartlariga moslashtirish uchun majburiy verifikatsiya talablarini joriy etish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Ushbu qadam koʻplab mamlakatlarda noqonuniy qimor oʻyinlari bilan bogʻliq xavotirlar tufayli platformaga kirish cheklangan yoki taqiqlangan bir paytda amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda Polymarket 35 ta davlatni, jumladan, harbiy mojarolar tufayli sanksiyalar ostida boʻlgan Eron, Rossiya va Shimoliy Koreyani "geoblokirovka" qilgan boʻlib, ushbu hududlar rezidentlariga buyurtma berishni taqiqlagan.
Hozirda Polymarket foydalanuvchilari taxalluslar ostida faoliyat yuritishlari mumkin, bu esa ularning shaxsini sir saqlashga imkon beradi. Biroq, bu holat bahsli shartnomalar boʻyicha garov tikishda huquqiy xavflarni keltirib chiqarmoqda. Masalan, Venesuela prezidenti Nicolás Maduro qoʻlga olinishi haqidagi garovda maxfiy maʼlumotlardan foydalanib 400 000 USD yutib olgan shaxs AQSH harbiysi ekani maʼlum boʻlgan edi.
AQSH prezidenti Donald Trump oʻzining Truth Social platformasida bashoratlar bozorlari ustidan nazorat qilish huquqi faqat Commodity Futures Trading Commission (CFTC) organida boʻlishi kerakligini qoʻllab-quvvatladi. Uning bu bayonoti CFTC raisi Michael Selig pozitsiyasiga mos keladi. Eslatib oʻtamiz, Donald Trump Jr. Kalshi platformasining strategik maslahatchisi va Polymarket maslahatchisi hisoblanadi.
AQSH Vakillar palatasi aʼzolari Kalshi va Polymarket platformalari yuzasidan tekshiruv boshlaganidan soʻng, prezidentning CFTCni qoʻllab-quvvatlashi diqqat markaziga tushdi. Qonunchilar saylangan amaldorlarning insayd maʼlumotlaridan foydalangan holda savdo qilish xavfidan xavotir bildirmoqda. Hozirda Polymarket platformasida AQSH-Isroil va Eron oʻrtasidagi urushga oid bir qancha shartnomalar mavjud.










