Kripto kartalar orqali toʻlovlar hajmi bir yilda 230 foizga oshdi

Kriptovalyutaga bogʻlangan debet va kredit kartalari orqali amalga oshirilgan oylik toʻlovlar hajmi oʻtgan yilga nisbatan qariyb 230 foizga oʻsdi. The Kobeissi Letter tahliliy nashri maʼlumotlariga koʻra, joriy oyda bunday kartalar orqali amalga oshirilgan umumiy tranzaksiyalar hajmi 7,8 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Toʻlov tizimlari giganti Visa, Jupiter Global kabi onchain kompaniyalari bilan hamkorlik qilish orqali kripto karta tranzaksiyalarining qariyb 90 foizini oʻz nazoratiga olgan. Jupiter Global loyihasi Solana tarmogʻidagi Jupiter markazlashmagan birjasi jamoasi tomonidan ishga tushirilgan boʻlib, u raqamli aktivlarning anʼanaviy moliya tizimiga integratsiyalashuvini tezlashtirmoqda.
Tahlilchilarning taʼkidlashicha, kripto toʻlov kartalarining oʻsishi raqamli aktivlar, ayniqsa stablecoinlar, Mastercard va Visa kabi amaldagi toʻlov provayderlarini siqib chiqarmasdan, aksincha ular bilan hamkorlikda moliya tizimiga kirib borayotganini koʻrsatadi. Masalan, OKX birjasi 2026-yil yanvar oyida Yevropa mijozlari uchun Mastercard tarmogʻida ishlovchi stablecoin toʻlov kartasini taqdim etdi.
OKX maʼlumotlariga koʻra, yanvar oyida karta orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalarning 26 foizi oziq-ovqat doʻkonlaridagi xaridlarga, 18 foizi restoranlarga va 13 foizi onlayn xaridlarga toʻgʻri kelgan. Bu koʻrsatkichlar kriptovalyutaning nafaqat spekulyativ aktiv, balki kundalik hayotda real toʻlov vositasi sifatida ham oʻz oʻrnini topayotganidan dalolat beradi.










