Kraken birjasi Bitcoin egalari uchun daromad keltiruvchi yangi xizmatni ishga tushirdi

Kraken kripto-birjasi Bitcoin egalari uchun yillik 2,5 foiz miqdorida daromad olish imkonini beruvchi kastomodial boʻlmagan yangi mahsulotni taqdim etdi. Ushbu xizmat kripto-investorlar orasida mukofot beruvchi vositalarga boʻlgan talab ortib borayotgan bir paytda, kompaniyaning daromad keltiruvchi loyihalari qatorini kengaytirmoqda. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Mazkur loyiha Veda infratuzilma provayderi koʻmagida ishga tushirildi. Veda vakillarining soʻzlariga koʻra, yangi yechim Bitcoin aktivlarini oʻrash (wrapping), boshqa tarmoqlarga oʻtkazish yoki kripto-hamyonlarni murakkab boshqarish bilan bogʻliq qiyinchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan. Kraken Earn direktori John Zettler koʻplab foydalanuvchilar oʻzlarida mavjud Bitcoin aktivlaridan oson yoʻl bilan foyda olishni istashganini taʼkidladi.
Ethereum va Solana kabi blokcheynlardan farqli oʻlaroq, Bitcoin tarmogʻida daromad olish mexanizmlari cheklangan edi. Kraken ushbu muammoni Bitcoin aktivlarini kBTC tokeniga almashtirish orqali hal qiladi. Soʻngra Sentora platformasi ushbu mablagʻlarni Aave, Morpho va Tydro kabi kreditlash platformalariga joylashtiradi. Tizim kastomodial boʻlmagani sababli, faqat foydalanuvchilarning oʻzlari oʻz mablagʻlarini tasarruf etish huquqiga ega.
Maʼlumotlarga koʻra, xizmat ishga tushganidan 10 soat oʻtgach, 4000 ta hamyondan 30 million dollardan ortiq Bitcoin depozit qilingan. Taqqoslash uchun, Kraken yanvar oyida ishga tushirgan stabilkoin mahsulotlari hozirga qadar 245 million dollardan ortiq sarmoyani jalb qilib, 2,2 million dollar daromad keltirishga ulgurdi.










