"Toshkent-Termiz" yo‘nalishida harakat vaqtincha cheklandi

\"Toshkent-Termiz\" yo‘nalishidagi barcha avtotransport vositalari harakati vaqtincha cheklandi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi Xalqaro ahamiyatdagi A-373 avtomobil yo‘lining 10 km da joylashgan zovur ko‘prigining \"Toshkent-Jizzax\" yo‘nalishidagi qismida oraliq qurilma balkalarining 5 tasida yoriq vujudga kelib, cho‘kish hosil bo‘lgan.
Shu munosabat bilan \"Toshkent-Termiz\" yo‘nalishidagi barcha avtotransport vositalari harakati vaqtincha cheklandi.
\"Ushbu yo‘nalishdagi avtotransport vositalari harakati xalqaro ahamiyatdagi M-34 \"Toshkent - Dushanbe\" avtomobil yo‘lining 104-152 kilometrlari hamda A-376 \"Qo‘qon - Jizzax\" avtomobil yo‘lining 219-242 kilometrlari orqali tashkil qilindi\", - deyiladi xabarda.
Aytilishicha, barcha yo‘nalishlarda YPX postlari tashkil qilinib, harakat xavfsizligini to‘liq ta’minlash choralari ko‘rilgan. Ayni vaqtda mazkur ko‘prikda ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda.













