Popda yerni “xususiylashtirish” va’dasi: ikki holatda firibgarlar ushlandi

Popda yerni “xususiylashtirish” va’dasi: ikki holatda firibgarlar ushlandi

Namangan viloyati Pop tumanida yer va kadastr hujjatlarini “tezlashtirib”, “tanishlar orqali hal qilib berish” degan gaplar yana bir bor qimmatga tushdi. Tezkor xizmatlar o‘tkazgan tadbirlar natijasida yer maydonini xususiy mulk sifatida rasmiylashtirib berishni va’da qilgan mansabdorlar bilan bog‘liq ikki holatda noqonuniy harakatlarga barham berildi.

Birinchi holat: 30 sotix yer va 6 sotix uy uchun 2 ming dollar

Ma’lum qilinishicha, mahalla fuqarolar yig‘inlaridan biridagi hokim yordamchisi 1988-yilda tug‘ilgan fuqaroga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun 49-yil muddatga ajratilgan 30 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xususiy mulk sifatida rasmiylashtirib berishini aytgan. Shuningdek, ushbu yerning 6 sotix qismida qurilgan uy-joy uchun ham tegishli kadastr hujjatlarini tayyorlatib berish bahonasida 2 ming AQSH dollari talab qilingan.

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim yordamchisi oldindan 1000 AQSH dollarini o‘zining 1990-yilda tug‘ilgan tanishi orqali olgan paytda ushlanib, holatga nuqta qo‘yilgan.

Ayni holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ikkinchi holat: 10 sotix zaxira yeri uchun pul olgan

Shu tumandagi yana bir vaziyatda Davlat kadastrlari palatasining Pop tuman filiali xodimi davlat zaxirasidagi 10 sotix yer maydoni va unda qurilgan uy-joyni “tanish-bilish” orqali fuqaro nomiga shaxsiy mulk sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 900 AQSH dollari va 4,8 million so‘m olgan vaqtida ushlangan.

Popda yerni “xususiylashtirish” va’dasi: ikki holatda firibgarlar ushlandi

Mazkur holat bo‘yicha kadastr xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonlari davom etmoqda.

Hulosa o‘rnida

Bu ikki holat ham bir narsani ko‘rsatyapti: yer masalasida “pulini bersang, bo‘ladi” degan yo‘lning oxiri odatda bir joyda tugaydi. Rasmiylashtirish, kadastr, mulk huquqi kabi ishlar “tezlashtirish” bahonasi bilan noqonuniy pul aylanmasini keltirib chiqarsa, tezkor idoralar buni uzoqqa qo‘ymaydi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.