Koronavirus pandemiyasi tug‘ilishni kamaytirib yuboradimi?

Koronavirus pandemiyasi tug‘ilishni kamaytirib yuboradimi?
Foto: «YouTube»
Insoniyat tarixi davomida urushlar, vabo-o‘latlar, ocharchilik millionlab kishilarning yostig‘ini quritgan. Har safar balo-ofatlar chekinishi bilan tug‘ilishlar soni keskin oshgan. Biroq koronavirus bu tendensiyani buzishi mumkin — «Science» jurnalidagi ilmiy maqola shu haqda.

«Aniq prognozlash juda qiyin, shunga qaramasdan, yuqori taraqqiy etgan mamlakatlar yaqin istiqbolda shu ssenariy bo‘yicha ketishi ehtimoli bor», — dedi ilmiy ish mualliflaridan biri, ijtimoiy-siyosiy fanlar mutaxassisi Arnsteyn Aassve.

Taraqqiy etgan mamlakatlarda oilaviy hayotni tashkil etishning buzilishi hamda iqtisodiy muammolar «bola tug‘ilishi» bo‘yicha rejaning kechiktirilishiga olib keladi. Tug‘ilishning kamayishi, o‘z-o‘zidan, aholi sonining qisqarishi va keksayishi jarayonini tezlatib yuboradiki, bu davlat siyosatida og‘ir muammolarni dunyoga keltiradi.

Aholi jon boshiga daromadlar past va o‘rtacha mamlakatlarda ham «COVID-19» pandemiyasi tug‘ilishning kamayishiga olib keluvchi tendensiyalarni kuchaytirib yuborishi mumkin. Bu tendensiyalar — iqtisodiy rivojlanish, shaharlashish jarayonlari, ishlovchi ayollarning ko‘payayotgani. Maqola mualliflari pandemiya ortidan ko‘tarilgan iqtisodiy muammolar bu tendensiyalarga deyarli ta’sirini o‘tkaza olmaydi degan fikrdalar.

Bu xulosalar ilgaritdan shakllangan — pandemiyalar doim ortidan bemi-bum (tug‘ilishlar ko‘payishi)ni boshlab keladi degan tushunchaning mutlaqo aksidir.

Qanday tushunish mumkin?
Mualliflarda bunga javob tayyor: tarixda pandemiyalar ortidan tug‘ilishlar ko‘payishiga oilalarning yo‘qotgan farzandlari o‘rnini to‘ldirishga intilishi, alal-oqibat, avlodini davom ettirish istagi sabab bo‘lgan.

Aksariyat pandemiyalardan farqli o‘laroq, (mualliflar maqolada 1918-1919 yillardagi «ispanka» pandemiyasini misol keltirishgan) «COVID-19» keksalar uchun ko‘proq xavf tug‘dirmoqda. Bolalar va reproduktiv yoshdagilar o‘rtasida kasallik oqibatida o‘limlar soni nisbatan ozligi, o‘z-o‘zidan, yaqin istiqbolda tug‘ilishlar sonini ko‘paytirmaydi va «demografik portlash»ga sabab bo‘lmaydi, deyishmoqda tadqiqotchilar.
"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.