Vazir Ozodbek Nazarbekov "Avtomobilsiz kun" aksiyasida ishtirok etdi

O‘zbekistonda ekologiyani yaxshilash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan tashabbuslar izchil davom etmoqda. Xususan, “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida joriy etilgan “Avtomobilsiz kun” aksiyasi tobora keng quloch yoymoqda.
Mazkur tashabbusga ko‘ra, 2026 yil 25 martdagi Prezident farmoni asosida 1 maydan boshlab har oyning 10 va 25 sanalarida “Avtomobilsiz kun”, shuningdek, maxsus haftalik tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. Ushbu loyiha atrof-muhitni muhofaza qilish va atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
25 may kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham ushbu aksiyada faol ishtirok etdi. U vazirlik jamoasi bilan birgalikda avtomobillardan foydalanmasdan, tashabbusni amalda qo‘llab-quvvatladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday aksiyalar transport vositalaridan chiqadigan zararli gazlar miqdorini kamaytirish, aholi salomatligini asrash hamda ekologik madaniyatni oshirishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, bu orqali jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga ham xizmat qiladi.
“Avtomobilsiz kun” tashabbusi nafaqat rasmiylar, balki keng jamoatchilik tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.













