Sergey Arslanov: "Ushbu g‘alabani vafot etgan muxlisimiz Ilyos Anvarovga bag‘ishlaymiz"

\"Surxon\" hamda \"Turon\" o‘rtasidagi Superliganing 16-tur uchrashuvidan (1:0) so‘ng, mezbon jamoa ustozi Sergey Arslanov matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalstlar savollariga javob berdi.
Sergey Arslanov: \"Biz uchun har bir ochko havodek muhim. Bugungi bahsda futbol estetikasi haqida gapirish qiyin. Yigitlarga rahmat aytaman. Ushbu g‘alabani vafot etgan muxlisimiz Ilyos Anvarovga bag‘ishlaymiz\".
- Doston Tursunov Shotlandiya klubida ko‘rikda edi. Bugun esa u maydonga tushdi...
- Dostonning texnikasi kuchli, futbol intellekti baland. Agentlar buni payqashdi. Ayni damda o‘zbek futbolchilariga bo‘lgan talab ancha oshgan. Bu milliy futbolimiz, Superligamiz o‘sayotganidan dalolat beradi. Ha, Tursunov borib keldi, u murabbiyga yoqdi. Kelasi yil uni Yevropada ko‘ramiz deb umid qilamiz.
- Tanaffusdan so‘ng \"Turon\" \"portlovchi\" o‘yin namoyish etib, himoyaga katta bosim o‘tkazdi. \"Surxon\" bunga tayyormidi?
- Ha, tayyor edik, chunki \"Turon\" hisobda ortda qolayotgani uchun katta kuch bilan hujumga o‘tishini bilardik. Raqibga ko‘p zonani topshirganimiz yagona muammo bo‘ldi, biroq to‘p uchun havodagi kurashlarda yigitlar yaxshi harakat qilishdi.
- Darvozabonimiz Artyom Potapov \"quruq\" o‘yinlar soni bo‘yicha Superligada 2-o‘rinni egallab turibdi. Bu uning mahoratimi, himoya qo‘rg‘onining kuchimi yoki ikkilasi birgalikda?
- Futbol jamoaviy sport turi. U soatga o‘xshaydi. Soatning biror qismi bo‘lmasa, u ishlamaydi. futbolda ham shunday. Ha, Potapov o‘zini haqiqiy professionallardek tutyapti. Borini berib ishlayapti. Lekin shu o‘rinda jamoaga ham rahmat aytish kerak. Yigitlarning bari birgalikda harakat qilishmoqda.













