Luis Enrique: Arsenal toʻpsiz oʻynashda dunyoning eng kuchli jamoasi

Luis Enrique: Arsenal toʻpsiz oʻynashda dunyoning eng kuchli jamoasi

PSJ bosh murabbiyi Luis Enrique Chempionlar ligasi finali oldidan raqib jamoa — Arsenal haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Ikki grand jamoa 30-may kuni Budapeshtda Yevropaning eng kuchli klubini aniqlash uchun maydonga tushadi. Enrique Mikel Arteta qoʻl ostidagi jamoani taktik jihatdan yuqori baholadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Ispaniyalik mutaxassisning taʼkidlashicha, Angliya Premer-ligasi chempionligini qoʻlga kiritgan Arsenal ayni damda "toʻpsiz harakatlanish" boʻyicha dunyoda tengsizdir. Oʻtgan mavsumda yarim finalda aynan parijliklarga imkoniyatni boy bergan "kanonirlar" bu safar revansh olish niyatida. Luis Enrique matbuot anjumanida oʻz hamyurti Mikel Artetaning Londondagi ishiga yuqori baho berdi.

"Ular chempionlikka loyiq edi, ajoyib mavsumni oʻtkazishdi. Biz bu Arsenal bilan avval ham toʻqnash kelganmiz va nimalarga qodir ekanliklarini yaxshi bilamiz. Toʻpsiz oʻyinda ular dunyoda birinchi, toʻp bilan esa istalgancha gol ura olishadi. Bu ular uchun mukammal kombinatsiya", — dedi PSJ ustozi.

Boʻlajak final oʻtgan yilgi yarim finalning takrori hisoblanadi. Oʻshanda PSJ umumiy 3:1 hisobida gʻalaba qozonib, finalda Inter jamoasini 5:0 hisobida tor-mor etgan edi. Shunga qaramay, Enrique raqibning oʻsishini alohida eʼtirof etdi. Uning soʻzlariga koʻra, Mikel Arteta jamoada gʻoliblik mentalitetini shakllantira olgan.

Luis Enrique faoliyati davomida Barselona va PSJ bilan Chempionlar ligasida gʻolib chiqqan boʻlsa, Arteta uchun bu ilk yirik xalqaro final hisoblanadi. "Ular ketma-ket muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Biz uchun eng muhimi raqibga emas, oʻz oʻyinimizga eʼtibor qaratishdir. Bu Yevropaning eng nufuzli turniri, shuning uchun daraja juda yuqori boʻladi", — deya qoʻshimcha qildi Enrique.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.