Saudiya Superkubogi. «Al-Ahli» penaltilarda zafar quchdi, Ronaldu yana sovrinsiz qoldi

Saudiya Superkubogi. «Al-Ahli» penaltilarda zafar quchdi, Ronaldu yana sovrinsiz qoldi

Saudiya Arabistoni Superkubogi finali katta dramatizm va keskin to‘qnashuvlar bilan yodda qoldi. «Al-Ahli» va «An-Nasr» o‘rtasidagi bellashuv muxlislarga tom ma’noda his-hayajonli onlar ulashdi.

Asosiy 90 daqiqa 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Qo‘shimcha daqiqalarda ham g‘olib aniqlanmagani bois, barcha narsa penaltilar seriyasiga qoldi. Ushbu sinovda esa «Al-Ahli» ancha ishonchli harakat qilib, 5:3 hisobida raqibni taslim etdi va Superkubokni qo‘lga kiritdi.

Bellashuv gollarga boy bo‘ldi. Dastlab 41-daqiqada Krishtianu Ronaldu penaltidan aniq zarba yo‘llab hisobni ochdi. Birinchi bo‘limning qo‘shib berilgan vaqtida Frank Kessi javob qaytarib, natijani tenglashtirdi.

Ikkinchi bo‘limning 82-daqiqasida «Inter»ning sobiq yarim himoyachisi Marselo Brozovich o‘z jamoasini oldinga olib chiqdi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, 89-daqiqada Ibanes gol kiritib, yana vaziyatni muvozanatga keltirdi.

Shu tariqa, asosiy vaqt dramatik durang bilan yakunlanib, hal qiluvchi lahzalar penaltilarda belgilandi. U yerda esa «Al-Ahli»ning qo‘li baland keldi.

Ma’lumot uchun, ushbu bellashuvdagi goli orqali Krishtianu Ronaldu tarixiy ko‘rsatkichga erishdi. U 4 xil klub tarkibida 100 tadan ortiq gol urgan dunyodagi yagona futbolchi sifatida qayd etildi.

Bu final nafaqat «Al-Ahli»ning g‘alabasi, balki Ronalduning yana bir sovrinsiz qolgan kechasi sifatida ham futbol tarixida qoladi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.