13 000 mAs akkumulyator va Snapdragon 8 Elite: iQOO Pad6 Pro taqdim etildi

iQOO 15T smartfoni bilan bir qatorda kompaniya oʻzining yangi flagman plansheti — iQOO Pad6 Pro modelini rasman namoyish etdi. Qurilma yuqori unumdorlikka ega Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori bazasida ishlaydi, bu esa uni bozordagi eng kuchli planshetlardan biriga aylantiradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Planshet 13,2 dyuymli ulkan IPS panel bilan jihozlangan boʻlib, u 4K ruxsat va 144 Gs kadr yangilanish chastotasini qoʻllab-quvvatlaydi. Bunday ekran ham oʻyinlar, ham professional grafik ishlar uchun ideal tanlovdir. Qurilmaning avtonomligini 13 000 mAs sigʻimli akkumulyator taʼminlaydi.
Dasturiy taʼminot sifatida Android 16 asosidagi OriginOS 6 qobigʻi oʻrnatilgan. Planshet 8 ta dinamik bilan jihozlangan boʻlib, Wi-Fi 7 va Bluetooth 5.4 zamonaviy simsiz aloqa standartlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Old kamera 8 Mp, asosiy kamera esa 13 Mp ruxsatga ega.
iQOO Pad6 Pro korpusi ancha ixcham: qalinligi bor-yoʻgʻi 6,18 mm, ogʻirligi esa 663 grammni tashkil etadi. Narxlar xotira hajmiga qarab 630 dollardan (8/256 GB) boshlanib, 735 dollargacha (12/512 GB) yetadi.













