Fayzullayev va Shomurodov “Bashakshehir”ga g‘alabani olib bergan kecha (video)

Fayzullayev va Shomurodov “Bashakshehir”ga g‘alabani olib bergan kecha (video)

Turkiya Superligasining 14-turidan o‘rin olgan “Qosimposho” – “Bashakshehir” bahsi ko‘pchilik kutgandan ham jozibali o‘tdi. Ustoz Nuri Shahin boshqargan mehmon jamoa raqib maydonida 3:1 hisobida ishonchli tarzda zafar quchdi va bu kechada asosiy rolni aynan o‘zbekistonlik futbolchilar bajardi.

Uchrashuvni faol va hujumkor boshlagan “Bashakshehir” 26-daqiqada hisobni ochdi — Abbosbek Fayzullayev jarima zarbasini mohirona ijro etib raqib darvozasiga to‘pni yo‘lladi. Abbosning harakatidan jamoa ruhi sezilarli ko‘tarildi va oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Amine Harit birinchi taymning oxirida hisobni 2:0 qilib qo‘ydi.

Ikkinchi bo‘limda “Qosimposho” jonlanib, Arous orqali bitta gol qaytardi. Lekin bu gol mehmonlarning o‘yinini yanada kuchaytirishiga sabab bo‘ldi. Uchrashuvning qo‘shimcha daqiqalarida esa o‘zbekistonlik yana bir yulduz sahnaga chiqdi — Eldor Shomurodov. U jarima maydoni tashqarisidagi vaziyatdan ustalik bilan foydalanib, darvozabonni dog‘da qoldirdi va ushbu goli bilan uchrashuvga nuqta qo‘ydi.

Shu tariqa, O‘zbekiston milliy jamoasi sardori Eldorning Superligadagi gollari soni 10 taga yetdi — u Turkiyada ham haqiqiy yetakchiga aylanib bormoqda. Abbosbek esa o‘yindan o‘yinga o‘sishda davom etyapti, jamoa uchun hal qiluvchi vaziyatlar yaratmoqda.

Ushbu muhim g‘alaba “Bashakshehir”ga 16 ochko to‘plab, turnir jadvalida 9-pog‘onaga ko‘tarilish imkonini berdi. “Qosimposho” esa 13 ochko bilan 14-o‘rinda qolib ketdi.

Turkiya Superligasi. 14-tur

Qosimposho – Bashakshexir 1:3

Gollar: Arous 79 – Abbosbek Fayzullayev 26, Harit 45+4, Eldor Shomurodov 90+3.

Bashakshexir tarkibi:

Shengezer, Bulut, Duarte, Opoku, Operi, Fayzullayev (Gureler, 78), Kemen (Krespo, 78), Harit (Da Kosta, 72), Zelke, Shomurodov.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.