Irma Testa JCH-2026ga chiqolmagan millioner futbolchilarni tanqid qildi

Boks bo‘yicha jahon va Yevropa chempioni, shuningdek, Tokio–2020 Olimpiadasi bronzasi sohibi Irma Testa Italiya futbol terma jamoasining ketma-ket uchinchi jahon chempionatiga chiqa olmasligi haqida o‘z fikrini bildirdi.
«Moviy gvardiya» JCH-2026 saralash pley-off finalida Bosniya va Gersegovinaga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lib, (1:1, pen – 1:4) tarixda uchinchi marotaba Jahon chempionatiga yo‘l ololmadi.
Muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng, Italiya futbol federatsiyasi raisi Gabriele Gravina shunday izoh berdi: «Futbol — bu yuqori darajadagi professionallikni talab qiluvchi sport turi. Uni boshqa sport turlari bilan solishtirish qiyin».
28 yoshli Testa ijtimoiy tarmoqda yozgan fikrlarida o‘z his-tuyg‘ularini ochiq ifoda etdi: «Biz haqiqiy professionallarmiz. Maydonga tushib, yurtimiz va bayrog‘imiz uchun kurashamiz hamda g‘alaba qozonamiz. Bu vaqtda millioner futbolchilar esa o‘yin maydonida o‘zlarini kulgiga qoldirishmoqda. Men futbolchilardan ko‘proq mashq qilaman, lekin ularning oshpazlari yoki yordamchilaridan ham kamroq pul topaman. Shuningdek, agar men yutqazsam (bu kamdan-kam sodir bo‘ladi), butun millat oldida javobgarlik og‘irligini his qilaman. Aslida esa mendan hech kim hech narsa talab qilmaydi, chunki barcha faqat futbol ko‘rish bilan band».
U o‘z postini ruhlantiruvchi so‘zlar bilan yakunladi: «Forza, Italiya! (Olg‘a, Italiya!) Pasta va Toto Kutunio!»
Italyan sportchisi Irma Testaning so‘zlari terma jamoaga muhabbat va mehr bilan qarashini, shu bilan birga jamoaning natijalari uchun shaxsan masʼuliyat his qilishini ko‘rsatadi. Uning fikrlari muxlislar uchun ilhom va quvonch manbai bo‘ldi, chunki har bir sportchi o‘zi uchun ham, millat uchun ham kurashadi.













