Xabi Alonso "Chelsi"da transfer nazoratini qo‘lga oldi...

Xabi Alonso "Chelsi"da transfer nazoratini qo‘lga oldi...

Joriy mavsumdagi omadsiz natijalardan keyin “Chelsi” rahbariyati jamoada yangi davr boshlashga qaror qildi. London klubi bosh murabbiylik lavozimiga ispaniyalik mutaxassis Xabi Alonsoni tayinladi.

Xabi Alonso “Bayer”dagi muvaffaqiyatli faoliyati orqali Yevropada eng istiqbolli murabbiylardan biri sifatida tanilgandi. Keyin u “Real”ni boshqarish uchun taklif etildi, ammo Madrid klubidagi davri uzoqqa cho‘zilmadi va mavsum o‘rtasida lavozimidan ozod qilindi.

Jurnalist Ben Jeykobs ma’lumotiga ko‘ra, “Chelsi” Alonsoga transfer siyosatida hal qiluvchi ovoz huquqini kafolatlagan. Bu esa ispaniyalik mutaxassisga kelasi mavsum uchun tarkibni o‘z qarashlari asosida shakllantirish imkonini beradi.

Manbaga ko‘ra, “aristokratlar” yozgi transfer oynasida ikki yoki uch nafar tajribali, tayyor va darhol natija bera oladigan futbolchini sotib olishni rejalashtirmoqda. Klub endi faqat yosh iqtidorlarga emas, balki katta o‘yinlarda mas’uliyatni zimmasiga ola oladigan futbolchilarga ham e’tibor qaratmoqchi.

“Aston Villa” hujumkor yarim himoyachisi Morgan Rojers “Chelsi”ning asosiy transfer maqsadlaridan biri bo‘lib turibdi. Uning tezligi, kreativligi va hujumda bir nechta pozitsiyada harakat qila olishi Alonso rejalariga mos kelishi mumkin.

Shuningdek, londonliklar chap qanot hujumi uchun ijodkor futbolchi olib kelishni ham ko‘zlamoqda. Ayni vaqtda klub ushbu pozitsiya uchun bir nechta nomzodni ko‘rib chiqyapti.

Bundan tashqari, “Chelsi”ga barqaror ravishda gol ura oladigan markaziy hujumchi ham kerak. Ammo bu transfer hozirgi tarkibdan nechta futbolchi sotilishiga bog‘liq bo‘ladi.

Qisqasi, Xabi Alonso “Chelsi”da oddiy murabbiy emas, katta vakolatga ega loyiha rahbari sifatida ish boshlamoqda. Endi u tarkibni o‘z uslubiga mos qayta qurishi kerak. Londonda sabr kam, talab baland — Alonso uchun “rebuild mode” rasman yoqildi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.