Riyad Mahrez: Orzum Lionel Messi bilan Barselona safida oʻynash edi

Jazoir terma jamoasi va Al-Ahli yulduzi Riyad Mahrez faoliyatidagi eng katta orzusi Barselona libosini kiyish va Lionel Messi bilan bir jamoada toʻp surish boʻlganini ochiqladi. Manchester Siti safida koʻplab sovrunlarni qoʻlga kiritgan qanot hujumchisi oʻz vaqtida Kataloniya klubiga oʻtishga juda yaqin kelganini soʻzlab berdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Lester tarkibida Angliya Premer-ligasi chempioniga aylangan Mahrez 2016-yildagi tarixiy gʻalabadan soʻng Yevropaning eng talabgir futbolchilaridan biriga aylangan edi. Futbolchining soʻzlariga koʻra, oʻsha paytda unga Real Madrid, Barselona va Manchester Yunayted kabi grand jamoalardan takliflar tushgan. Biroq transfer narxining yuqoriligi va shartnomadagi ayrim bandlar uning orzusi ushalishiga toʻsqinlik qilgan.
"Mening orzum Pep Guardiola qoʻl ostida Barselona safida Lionel Messi bilan birga oʻynash edi. Manchester Siti jamoasiga qoʻshilishdan oldin koʻplab klublar bilan muzokaralar oʻtkazganman. Ammo Lester meni qoʻyib yuborish uchun juda katta mablagʻ talab qildi. Shartnomamda tovon puli koʻrsatilmagani sababli transfer amalga oshmadi", — deya taʼkidladi Mahrez.
Mahrez oʻz vaziyatini sobiq jamoadoshi N’Golo Kante bilan solishtirdi. Kante oʻz shartnomasiga 30 million yevrolik tovon puli bandini kiritgani sababli Chelsi klubiga osonlikcha oʻtib ketgan edi. Riyad esa bunday banddan voz kechgani uchun yana ikki yil Lester safida qolishga majbur boʻlgan.
Ispaniya grandlariga oʻta olmaganiga qaramay, Mahrezning faoliyati muvaffaqiyatli davom etdi. U 2018-yilda 60 million funt evaziga Manchester Siti safiga qoʻshildi va Guardiola qoʻl ostida koʻplab chempionliklarni qoʻlga kiritib, Angliya futboli tarixidagi eng yaxshi afrikalik futbolchilardan biri sifatida nom qozondi.













