Achraf Hakimi: Luis Enrique PSJda oilaviy muhitni shakllantirdi

PSJ himoyachisi Achraf Hakimi Chempionlar ligasi finali oldidan bosh murabbiy Luis Enrique tomonidan jamoada amalga oshirilgan ulkan oʻzgarishlarni yuqori baholadi. Marokashlik yulduzning taʼkidlashicha, murabbiy kelganidan soʻng klub ichidagi mentalitet butunlay oʻzgargan va futbolchilar oʻzaro jipslashgan oilaga aylangan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Luis Enrique qoʻl ostida PSJ ketma-ket uch marta Liga 1 chempionligini qoʻlga kiritdi va oʻtgan mavsumda Chempionlar ligasi gʻolibiga aylandi. Achraf Hakimi Sky Sport nashriga bergan intervyusida murabbiyning taʼsiri haqida shunday dedi: "Luis Enrique PSJda hamma narsani oʻzgartirdi. U kelganidan beri barchaning fikrlashi oʻzgardi: endi biz haqiqiy jamoamiz, bir-birimiz uchun oʻynaymiz va maydonda bir-birimiz uchun yuguramiz. Bunday muhitda oʻynash ancha osonroq".
Shuningdek, parijliklar uchun xushxabar keldi: jarohatidan tiklangan Achraf Hakimi Arsenal jamoasiga qarshi boʻladigan final bahsida ishtirok etishga toʻliq tayyor. Luis Enrique matbuot anjumanida barcha futbolchilar, jumladan Hakimi ham safga qaytganini va Budapeshtdagi hal qiluvchi oʻyinga jiddiy tayyorgarlik koʻrilayotganini tasdiqladi.
Maʼlumot uchun, Achraf Hakimi joriy mavsumda 31 ta oʻyinda maydonga tushib, 3 ta gol va 9 ta assist muallifiga aylandi. U 2021-yilda Inter klubidan 68 million yevro evaziga Parijga koʻchib oʻtgan edi. Endilikda u oʻzining sobiq jamoasi Real Madrid tarbiyalanuvchisi sifatida navbatdagi nufuzli sovrinni qoʻlga kiritishni maqsad qilgan.













