Gavi Real Madrid ichidagi janjal va Aurelien Tchouameni haqida keskin gapirdi

Gavi Real Madrid ichidagi janjal va Aurelien Tchouameni haqida keskin gapirdi

Barselona yulduzi Gavi Ispaniyaning ikki gigant klubi oʻrtasidagi raqobatni yangi bosqichga olib chiqdi. Yarim himoyachi Real Madrid tarkibida Aurelien Tchouameni va Federico Valverde oʻrtasida yuz bergan jismoniy toʻqnashuvga klub rahbariyati tomonidan bildirilgan munosabatni tanqid qildi. Gavining fikricha, “qirollik klubi” intizom masalasida xatoga yoʻl qoʻygan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Mundo Deportivo nashriga bergan intervyusida Gavi Bernabeu dahlizlaridagi ichki nizolar haqida toʻxtalib oʻtdi. Maʼlumotlarga koʻra, Aurelien Tchouameni va Federico Valverde oʻrtasidagi janjal jismoniy toʻqnashuvga aylanib ketgan va oqibatda Valverde shifoxonada chok tushirishga majbur boʻlgan. Gavi bunday vaziyatda murabbiy qatʼiyroq chora koʻrishi kerakligini taʼkidladi.

“Mashgʻulotlardagi raqobat va kichik tushunmovchiliklar mavsumning qizgʻin pallasida normal holat, bu raqobatbardoshlikdan dalolat beradi. Ammo agar ish mushtlashuvgacha borib yetsa, murabbiy bunday futbolchini oʻyinga tushirmasligi kerak. Agar ular haqiqatdan ham urishgan boʻlsa, Aurelien Tchouameni qaydnomaga kiritilib, maydonga tushirilgani xato boʻlgan”, — dedi Gavi.

Shuningdek, Gavi Real Madrid prezidenti Florentino Perezning Negreira ishi boʻyicha aytgan gaplariga ham munosabat bildirdi. Perez oʻz klubidan yettita La Liga chempionligi “oʻgʻirlanganini” iddao qilgan edi. Gavi esa Madrid tomoni doim Barselona muvaffaqiyatlarini kamsitishga urinishini aytib oʻtdi.

“Hamma biladi, Madridda biz yutgan sovrinlarni doim qadrsizlantirishga harakat qilishadi. Bu bizni tashvishga solmasligi kerak. Koʻplab La Masia tarbiyalanuvchilari bilan, katta transferlarsiz ketma-ket ikki marta chempion boʻlish katta mehnat mahsulidir”, — deya qoʻshimcha qildi 21 yoshli futbolchi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.