NotebookLM asoschilari tomonidan yaratilgan Huxe ilovasi yopilmoqda

NotebookLM asoschilari tomonidan yaratilgan Huxe ilovasi yopilmoqda

Sobiq NotebookLM dasturchilari tomonidan asos solingan, foydalanuvchi soʻroviga koʻra podkastlar va podkastlar seriyasini yaratib beruvchi Huxe ilovasi oʻz faoliyatini toʻxtatmoqda. Ushbu qaror Spotify kompaniyasi shunga oʻxshash shaxsiy podkast funksiyasini taqdim etganidan bir kun oʻtib eʼlon qilindi. Kompaniya ilovani App Store va Play Store doʻkonlaridan olib tashlashini, oʻrnatilgan ilovalar esa yana yetti kun davomida ishlashini maʼlum qildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Huxe jamoasi mijozlarga yoʻllagan xabarida loyihani toʻxtatishga qaror qilganini va jamoa yangi yoʻnalishlarda ish boshlashini taʼkidlagan, biroq yopilishning aniq sabablari ochiqlanmagan. Isteʼmolchi AI bozori oʻta raqobatbardosh boʻlib, koʻpincha startaplarning asosiy mahsulotlari yirik kompaniyalar uchun oddiy funksiyaga aylanib qolmoqda. NotebookLM ushbu yoʻnalishni ommalashtirgach, Adobe, Amazon, ElevenLabs, Meta va Spotify kabi gigantlar ham shunga oʻxshash imkoniyatlarni oʻz platformalariga joriy qildi.

Huxe 2024-yil oxirida sobiq Google xodimlari Raiza Martin, Jason Spielman va Stephen Hughes tomonidan tashkil etilgan edi. Startap Conviction, Genius Ventures, Figma rahbari Dylan Field va Google Research bosh olimi Jeff Dean kabi investorlardan 4,6 million dollar mablagʻ jalb qilgan edi. Hozirda Oboe va Sun kabi boshqa startaplar ham audio-taʼlim yoʻnalishida oʻz auditoriyasini topishga harakat qilmoqda.

Sunʼiy intellekt modellari rivojlangani sayin, ular maʼlumotni bir formatdan ikkinchisiga, masalan, matndan audioga yoki audiodan videoga oson oʻtkazmoqda. Faqat bitta turdagi konvertatsiya bilan shugʻullanuvchi kompaniyalar uchun uzoq muddatli daromad va foydalanuvchilar bazasini saqlab qolish qiyinlashib bormoqda. Huxe misolida, mavzu boʻyicha podkast yaratish koʻplab servislar uchun standart funksiyaga aylanib qolgani startapning kengayishiga toʻsqinlik qildi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.