Milan Massimiliano Allegri va butun rahbariyatni isteʼfoga chiqardi

Milan klubi A Seriyadagi muvaffaqiyatsiz yakundan soʻng bosh murabbiy Massimiliano Allegri bilan xayrlashishga qaror qildi. Soʻnggi turda Chempionlar ligasi yoʻllanmasidan mahrum boʻlgan "rossonerilar" rahbariyati dushanba kuni keskin choralarni koʻrdi. Maʼlumotlarga koʻra, Allegri tez orada Napoli boshqaruvida Antonio Conte oʻrnini egallashi kutilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Italiya futbolida shov-shuvga sabab boʻlgan ushbu qaror faqat murabbiy bilan cheklanib qolmadi. RedBird Capital egalari klub rahbariyatida ham katta tozalash ishlarini boshladi. Allegri bilan bir qatorda ijrochi direktor Giorgio Furlani, sport direktori Igli Tare va texnik direktor Geoffrey Moncada ham oʻz lavozimidan ozod etildi.
Klubning bunday qarorga kelishiga A Seriyaning soʻnggi turida Kalyariga qarshi oʻyindagi 2:1 hisobidagi magʻlubiyat sabab boʻldi. Natijada Milan beshinchi oʻringa tushib ketdi va kelasi mavsumda Yevropa ligasida ishtirok etadigan boʻldi. Bu ketma-ket ikki mavsum davomida qitʼaning eng nufuzli turnirisiz qolgan jamoa uchun jiddiy pasayish sifatida baholanmoqda.
Klub egalari mavsum yakunlari boʻyicha bergan bayonotida, yil davomida kuchli ikkilikda boʻla turib, yakunda bunday natija qayd etilishini mutlaq muvaffaqiyatsizlik deb atadi. Allegri uchun San Sirodagi ikkinchi davr omadsiz yakunlandi. 2010-2014-yillardagi muvaffaqiyatlarini takrorlash maqsadida qaytgan 58 yoshli mutaxassis bu safar bor-yoʻgʻi bir mavsum bardosh bera oldi.
Milan klubini kuchli toʻrtlikdan Komo jamoasi siqib chiqardi. Yuventus bilan besh karra Skudetto va besh karra Italiya kubogini qoʻlga kiritgan Allegri uchun bu voqea uning boy murabbiylik faoliyatidagi kam sonli omadsizliklardan biri boʻlib qoladi.













