Uli Hoeneß Lotar Matteusni transferni barbod qilganlikda aybladi

Bavariya faxriy prezidenti Uli Hoeneß teleekspert Lotar Matteusni keskin tanqid qilib, uni hujumchi Nick Woltemade transferining barbod boʻlishida shaxsan masʼul deb hisoblashini bildirdi. Hoeneßning soʻzlariga koʻra, Matteusning ommaviy chiqishlari muzokaralar jarayoniga jiddiy zarar yetkazgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Der Spiegel nashriga bergan intervyusida Hoeneß shunday dedi: «Matteusning Woltemade haqidagi gaplariga kelsak, biz uni 50 million yevroga sotib olmoqchi edik va bunga amin edik. Ammo keyin Matteus gazetalarga chiqib, futbolchining narxi kamida 60–80 million yevro turishini aytdi». Bavariya ushbu koʻp qirrali hujumchini qoʻlga kiritishga juda yaqin kelgan edi.
Maʼlum boʻlishicha, Germaniya terma jamoasi aʼzosi Myunxen klubiga oʻtishga rozilik bergan boʻlgan. Biroq Matteusning aralashuvi VfB Stuttgart klubini qiyin ahvolga solib qoʻydi. Hoeneßning taʼkidlashicha, transfer summasi haqidagi shov-shuvlardan soʻng, Stuttgart rahbariyati jamoatchilik bosimi ostida qolib, futbolchini arzonroq sotish imkoniyatidan mahrum boʻlgan.
Hoeneß oʻz intervyusida soʻz erkinligini cheklamoqchi emasligini, biroq bunday chiqishlar transfer muzokaralariga xalaqit berishini aytdi. «U oʻz mavqeidan foydalanib, Bavariya klubiga zarar yetkazishni toʻxtatishi kerak», — deya qoʻshimcha qildi klub rahbari oʻzining sobiq futbolchisi haqida.
Eslatib oʻtamiz, Nick Woltemade yakunda 75 million yevro evaziga Nyukasl United klubiga oʻtib ketdi. Angliyadagi mavsum boshlanishi istiqbolli koʻringan boʻlsa-da, hozirda futbolchi va murabbiy Eddie Howe oʻrtasida kelishmovchiliklar borligi haqida xabarlar tarqalmoqda.













