Joao Palhinha Tottenxemda qolish istagini bildirdi

Joao Palhinha Tottenxemda qolish istagini bildirdi

Bavariya klubidan ijaraga olingan Joao Palhinha Angliya Premer-ligasida jon saqlab qolgan Tottenxem safida oʻz kelajagini koʻrayotganini maʻlum qildi. Portugaliyalik yarim himoyachi mavsumning soʻnggi turida Everton darvozasiga gʻalaba golini urib, jamoasining elitada qolishini taʻminladi. Ushbu qahramonlikdan soʻng, London klubi rahbariyati futbolchini toʻliq sotib olish masalasini koʻrib chiqmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

30 yoshli futbolchi Tottenxem muxlislarining sevimlisiga aylanib ulgurdi va 30 million yevrolik transfer bandini faollashtirishga tayyorligini bildirdi. Joao Palhinha klubdagi muhit haqida gapirar ekan: “Kelgan kunimdan beri oʻzimni uydagidek his qilyapman. Muxlislar va klub darajasi aʻlo darajada. Kim ham Tottenxemda qolishni istamaydi deysiz? Bu xuddi nikohdek gap, men bu yerda qolishni juda xohlayman”, — deya taʻkidladi.

Mavsumning soʻnggi qismida jamoa boshqaruviga kelgan Roberto De Zerbi 7 oʻyinda 11 ochko jamgʻarib, klubni ligada olib qolishga muvaffaq boʻldi. Murabbiy allaqachon Joao Palhinha bilan doimiy shartnoma imzolanishini 100 foizga qoʻllab-quvvatlashini ochiqchasiga aytgan. Endilikda yakuniy qaror klub rahbariyati zimmasida qolmoqda.

Joao Palhinha Bavariya bilan 2028-yilga qadar shartnomaga ega boʻlsa-da, Myunxen klubi maoshlar fondini boʻshatish uchun transferga ruxsat berishi kutilmoqda. Tottenxem rahbariyati yozgi transfer oynasida boshqa raqiblar aralashmasidan avvalroq ushbu kelishuvni yakunlashi lozim. Futbolchining oʻzi esa kelasi mavsum jamoa uchun ancha muvaffaqiyatli oʻtishiga ishonch bildirmoqda.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.