Mourino “Real”da himoya va markazni kuchaytirmoqchi

Mourino “Real”da himoya va markazni kuchaytirmoqchi

Madridning “Real” klubi bosh murabbiyligiga tayinlanishi kutilayotgan Joze Mourino jamoadagi ilk katta rejalarini belgilab olgani aytilmoqda. AS nashri ma’lumotiga ko‘ra, portugaliyalik mutaxassis “qirollik klubi” rahbariyati uchun batafsil hisobot tayyorlagan va unda jamoaning so‘nggi o‘yinlari hamda hozirgi tarkibini chuqur tahlil qilgan.

Manbaga ko‘ra, Mourino “Real”da o‘z loyihasini amalga oshirish uchun birinchi navbatda himoya chizig‘i va maydon markazini kuchaytirish zarur deb hisoblamoqda. U jamoaga bir yoki ikki nafar markaziy himoyachi jalb etishni muhim vazifalardan biri sifatida ko‘rsatgan.

Portugaliyalik mutaxassisning fikricha, “Real” himoyada yanada ishonchli, jismonan baquvvat va katta o‘yinlarda bosimni ko‘tara oladigan futbolchilarga muhtoj. Ayniqsa, markaziy himoyadagi raqobatni oshirish jamoaning kelasi mavsumdagi barqarorligi uchun muhim bo‘ladi.

Shuningdek, Mourino o‘ng qanot himoyasini ham kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Zamonaviy futbolda qanot himoyachilari faqat himoyada emas, hujum qurishda ham katta rol o‘ynaydi. Shu sabab “Real” bu pozitsiyada ham yangi yechimlar izlashi mumkin.

Maydon markazida esa murabbiy Orelen Tchuameni bilan raqobatlasha oladigan futbolchi kerak, deb hisoblamoqda. Mourino tayanch hududida jamoaga muvozanat beradigan, himoya va hujum o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’minlaydigan o‘yinchiga ehtiyoj borligini ko‘rsatgan.

Bundan tashqari, portugaliyalik mutaxassis kreativ yarim himoyachi jalb etishni ham muhim deb bilmoqda. “Real”da individual mahoratli futbolchilar yetarli bo‘lsa-da, Mourino o‘yinni boshqara oladigan, hujumga yangi g‘oya qo‘shadigan va yopiq himoyalarni ochishda yordam beradigan yarim himoyachi kerakligini ta’kidlagani aytilmoqda.

Qayd etilishicha, Mourino hozircha “Real”da ko‘rishni xohlayotgan aniq futbolchilar nomini aytmagan. U rahbariyatga faqat kuchaytirilishi lozim bo‘lgan pozitsiyalarni ko‘rsatgan. Bu esa klub skautlari va sport bo‘limi transfer bozorida turli variantlarni o‘rganishiga yo‘l ochadi.

“Real” rahbariyati ham tarkibda o‘zgarishlar zarurligini tan olmoqda. Biroq yangi futbolchilarni olib kelish uchun klub ayrim o‘yinchilar bilan xayrlashishiga to‘g‘ri keladi. Katta transferlar katta xarajat talab qiladi, Madridda esa moliyaviy muvozanat ham hisobga olinadi.

Mourino uchun “Real”ga qaytish oddiy tayinlov emas, balki katta revansh imkoniyati bo‘lishi mumkin. U bu klubni yaxshi biladi, bosimni his qilgan va Madrid muhitida qanday ishlash kerakligini tushunadi. Ammo hozirgi “Real” avvalgisidan boshqacha — yulduzlar ko‘p, egolar katta, natija esa kechayoq kerak.

Qisqasi, Joze Mourino “Real”da himoya va yarim himoyani kuchaytirishni rejalashtirmoqda. U markaziy himoya, o‘ng qanot himoyasi, tayanch hududi va kreativ yarim himoyachi pozitsiyalarini asosiy yo‘nalish sifatida belgilagan. “Special One” hali nomlarni aytmadi, ammo qaysi joylar “remont” talab qilayotganini aniq ko‘rsatdi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.