Eldor Shomurodov va Turkiya Superligasi haqida kutilmagan faktlar...

Eldor Shomurodov va Turkiya Superligasi haqida kutilmagan faktlar...

Turkiya yashil maydonlarida haqiqiy «o‘zbek bo‘roni» esdi! O‘zbekiston milliy terma jamoasining yetakchisi va bosh to‘purari, mahoratli hujumchi Eldor Shomurodov uchun Jahon chempionati bo‘lib o‘tadigan joriy 2026 yil omadli va zafarlarga boy keldi. Bir necha kun avval yakuniga yetgan Turkiya Superligasida hamyurtimiz o‘zining go‘zal o‘yinlari bilan nafaqat o‘zbek muxlislarini, balki butun turk futboli olamini hayratda qoldirdi.

Turkiyalik taniqli ekspertlar va sport tahlilchilari yakunlangan mazkur mavsumni sarhisob qilib, eng sara ko‘rsatkichlarni e’lon qilishdi. Biz esa siz uchun Eldor Shomurodovning fantastik natijalari va Turkiya chempionatining eng qiziqarli faktlarini bir sahifaga jamladik.

Eldor Shomurodov — Turkiya Superligasi qiroli!

30 yoshli hamyurtimiz joriy mavsumda «Istanbul Bashakshehir» klubi sharafini munosib himoya qildi. U chempionat davomida raqiblar darvozasini naq 22 marotaba ishg‘ol etib, Turkiya Superligasining mutlaq to‘purariga aylandi! Bundan tashqari, Eldor jamoadoshlariga 5 ta golli uzatmani ham amalga oshirdi.

Shomurodovning ushbu sermahsulligi «Bashakshehir»ni turnir jadvalida faxrli 5-o‘ringa olib chiqdi va jamoaga kelasi mavsumda UYEFA Konferensiyalar ligasida qatnashish baxtini taqdim etdi.

Tarixiy xotira: Eldor uchun bu musobaqa begona emas. U 2022 yili Italiyaning «Roma» klubi tarkibida ushbu turnirning ilk tarixiy g‘olibiga aylangan edi. Endi u yana yevrokuboklarda zafar quchishga harakat qiladi.

Eng ko‘p maydonda harakat qilgan temir odamlar

Mutaxassislar mavsum davomida maydonda eng uzoq vaqt davomida to‘p tepgan barqaror futbolchilar reytingini ham tuzib chiqishdi. E’tiborlisi, hamyurtimiz bu ro‘yxatda ham yetakchilar qatorida!

  • Mateush Lis (1-o‘rin): «Gyoztepe» klubining 29 yoshli polshalik posboni mavsumdagi barcha 34 ta o‘yinda to‘liq qatnashib, 3060 daqiqa bilan eng yuqori natijani qayd etdi. U 16 ta bahsda o‘z darvozasini quruq saqladi. (Qiziq fakt: «Gyoztepe» chempionat to‘purari Shomurodov gol ura olmagan uchtagina jamoadan biri bo‘ldi).

  • Amin Cherni (2-o‘rin): «Gyoztepe»ning tunislik futbolchisi barcha 34 uchrashuvda qatnashib, maydonda 3008 daqiqa davomida ter to‘kdi.

  • Eldor Shomurodov (3-o‘rin): Kuchli uchlikni yana forvardimiz bezadi! «Bashakshehir»ning barcha o‘yinlarini asosiy tarkibda boshlagan Eldor jami 2928 daqiqa maydonda harakat qildi.

  • Kennet Paal (4-o‘rin): Barcha uchrashuvlarda qatnashgan niderlandiyalik himoyachi bo‘ldi, biroq uning jamoasi «Antalyaspor» quyi ligaga tushib ketdi.

Mavsumning eng qiziqarli va kutilmagan faktlari

Ortda qolgan futbol yili jamoalarning tarkibdan foydalanish borasidagi turlicha taktikalari bilan ham ajralib turdi:

  • Haqiqiy «kadrlar qo‘nimsizligi»: «Konyaspor» klubi bir mavsum ichida naq 43 nafar futbolchini maydonga tushirib, bu borada rekord o‘rnatdi. Ikkinchi o‘rinda 40 ta o‘yinchidan foydalangan «Eyuspor» bo‘ldi.

  • Transferlar yordam bermadi: «Fenerbahche» mavsum davomida 38 nafar futbolchi xizmatiga tayangan bo‘lsa-da, baribir chempionlik poygasida azaliy raqibi «Galatasaroy»ga imkoniyatni boy berdi.

  • Barqarorlik va tejamkorlik: «Alanyaspor» ustozi Joau Pereyra atigi 26 nafar futbolchi bilan mavsumni yakunlab, jamoani ligada olib qoldi. Eldorning jamoasi «Bashakshehir» esa atigi 27 nafar o‘yinchi yordamida kuchli beshlikka kirib, Yevropaga yo‘l oldi.

Biz afsonaviy hujumchimiz Eldor Shomurodovni ushbu ulkan zafar bilan tabriklaymiz va kelasi mavsumda ham undan yangi-yangi gollarni kutib qolamiz! Ofarin, Eldor!

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.