Leypsigda Kristal Pelas muxlislariga hujum qilindi

Konferensiyalar ligasi finali arafasida Leypsig shahrida noxush voqea yuz berdi. Kristal Pelas va Rayo Valyekano oʻrtasidagi hal qiluvchi bahsni kutayotgan ingliz muxlislariga kutilmaganda bir guruh niqobli shaxslar hujum qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda qora kiyimdagi guruh bar tashqarisida toʻplangan muxlislarga stullar va shisha idishlar bilan zarba bergani aks etgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
The Telegraph nashrining xabar berishicha, hujum qilganlarning shaxsi hozircha rasman tasdiqlanmagan. Taxminlarga koʻra, bular Rayo Valyekano ultralari yoki mahalliy Lokomotiv Leypsig klubi tarafdorlari boʻlishi mumkin. Germaniya politsiyasi tartibsizliklarni toʻxtatish uchun maxsus ekipirovkada yetib keldi va 60 ga yaqin gumonlanuvchini qurshovga oldi.
Kristal Pelas uchun ushbu final tarixiy ahamiyatga ega. Oʻtgan mavsumda Angliya kubogini qoʻlga kiritgan jamoa, UEFAning koʻp klubli egalik qoidalariga koʻra Yevropa ligasidan chetlatilgan edi. Oliver Glasner shogirdlari Konferensiyalar ligasida Zrinjski Mostar, AEK Larnaka, Fiorentina va Shaxtyor Donetsk kabi jamoalarni magʻlub etib, finalga qadar yetib kelishdi.
Agar Kristal Pelas gʻalaba qozonsa, Vest Xem va Chelsi klublaridan keyin ushbu turnirda zafar quchgan uchinchi Angliya jamoasiga aylanadi. Shuningdek, bu gʻalaba ularga kelasi mavsum uchun Yevropa ligasi yoʻllanmasini kafolatlaydi. Hozirda shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan va politsiya vaziyatni nazorat ostiga olgan.













