Xiaomi kompaniyasi Wi-Fi 7 texnologiyasiga ega BE7200 Pro routerini taqdim etdi

Xiaomi kompaniyasi Xitoy bozorida yangi BE7200 Pro routerini namoyish qildi. Ushbu qurilma Wi-Fi 7 standartini qo‘llab-quvvatlaydi va BE19000 Pro modelining soddalashtirilgan versiyasi hisoblanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Router yuqori samarali 8 ta antenna va 8 kanalli signal kuchaytirgich bilan jihozlangan. Bu texnologiya devorlar orqali signal o‘tishini yaxshilaydi va hatto murakkab sharoitlarda ham barqaror internet aloqasini ta’minlaydi.
Qurilma Qualcomm NPro A7 WiFi chipi, 1 GB tezkor va 512 MB ichki xotira bilan ishlaydi. Shuningdek, u 600 tagacha qurilmani bir vaqtning o‘zida tarmoqqa ulash imkonini beradi va umumiy tezligi 7200 Mbit/s gacha yetadi.
Qurilma sun’iy intellekt yordamida trafikni dinamik taqsimlash funksiyasiga ega. Shuningdek, beshta 2.5GbE porti, ota-ona nazorati va kiberxavfsizlik himoyasi kabi qulayliklar mavjud.
Hozirda Xitoyda sotuvga chiqqan ushbu router taxminan 175 dollar narxida baholanmoqda. Xiaomi hozircha qurilmaning global bozorga chiqarilishi haqida ma’lumot bermadi.













