Raqamli tengsizlik: BMT Afrika va ekologiya uchun AI xavfidan ogohlantirdi

Raqamli tengsizlik: BMT Afrika va ekologiya uchun AI xavfidan ogohlantirdi

Bugungi kunda yirik texnologik korporatsiyalar sunʼiy intellekt (AI) modellarini oʻqitish uchun millionlab kuchli videokartalarga (GPU) ega hisoblash klasterlarini ishga tushirmoqda. Biroq, 54 ta davlat va 1,5 milliarddan ortiq aholini birlashtirgan Afrika qitʼasida mahalliy tillardagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish uchun olimlarga mingdan kamroq grafik protsessorlar mavjud. BMTning raqamli texnologiyalar boʻyicha elchisi Amandeep Singh Gill buni texnologik kuch va boylikning AQSHdagi sanoqli hududlarda toʻplanib qolgani bilan izohladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Sietl universitetida boʻlib oʻtgan konferensiyada Gill 2026-yilni AI tartibga solish sohasida burilish nuqtasi deb atadi. Uning soʻzlariga koʻra, texnologiyalar oddiy baholash bosqichidan oʻtib, inson ishtirokisiz murakkab vazifalarni bajaruvchi toʻliq avtonom tizimlarga aylanmoqda. Masalan, Anthropic kompaniyasining Mythos modeli kiberxavfsizlik xavotirlari tufayli cheklangan holda chiqarildi. Diplomat kelajakda AI tizimli xavf manbaiga aylanishi, kiberhimoyani chetlab oʻtishi va dipfeyklar orqali ijtimoiy ishonchni butunlay yoʻq qilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Yana bir jiddiy muammo — maʼlumotlar markazlarining (data-center) global iqlimga salbiy taʼsiridir. Katta til modellari va avtonom AI agentlarining ishlashi uchun sarflanadigan energiya uglerod neytralligi dasturlarini xavf ostiga qoʻymoqda. Serverlarni sovutish uchun sarflanadigan chuchuk suv miqdori, eskirgan uskunalarni utilizatsiya qilish va nodir minerallarni qazib olish xarajatlari muttasil oʻsib bormoqda. Eng achinarlisi, ushbu ekologik yuk asosan daromadi past boʻlgan rivojlanayotgan davlatlar zimmasiga tushmoqda.

Vaziyatni oʻnglash uchun BMT tarkibida 40 nafar mutaxassisdan iborat maxsus ilmiy guruh tuzildi. Unga Nobel mukofoti sovrindori Maria Ressa va taniqli olim Yoshua Bengio rahbarlik qilmoqda. Guruhda bir davlatning ustunligiga yoʻl qoʻymaslik uchun AQSH va Xitoyga ikkitadan oʻrin berilgan, qolgan 36 ta oʻrin boshqa davlatlar, jumladan, Afrika vakillari oʻrtasida taqsimlangan. Guruhning ilk keng koʻlamli hisoboti 2026-yil iyul oyida eʼlon qilinishi kutilmoqda.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.