Andrew Ng tomonidan qoʻllab-quvvatlangan IrisGo sunʼiy intellektli yordamchini taqdim etdi

Andrew Ng tomonidan qoʻllab-quvvatlangan IrisGo sunʼiy intellektli yordamchini taqdim etdi

Sohadagi ekspertlarning fikricha, sunʼiy intellektning navbatdagi katta bosqichi “proaktiv” tizimlar boʻladi. Bu kabi agentlar foydalanuvchining ehtiyojlarini u hali anglab yetmasidan oldin bashorat qiladi va bajaradi. Ushbu yoʻnalishda peshqadamlikka intilayotgan IrisGo startapi joriy yil boshida Andrew Ng boshchiligidagi AI Fund tomonidan ajratilgan 2,8 million dollarlik investitsiyani jalb qildi. Kompaniya shaxsiy kompyuterlar uchun foydalanuvchining kundalik ish jarayonlarini oʻrganuvchi va ularni inson aralashuvisiz avtomatlashtiruvchi ish stoli yordamchisini yaratmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

IrisGo loyihasiga Apple kompaniyasining sobiq muhandisi, Siri ovozli yordamchisining xitoycha talqinini yaratishda ishtirok etgan Jeffrey Lai asos solgan. Qizigʻi shundaki, Iris nomi Siri soʻzining teskari yozilishidan hosil boʻlgan. Tizimning asosiy gʻoyasi juda oddiy: Irisga biror amalni bir marta koʻrsatish kifoya, u kelajakda ushbu jarayonni eslab qoladi va qayta koʻrsatma talab qilmaydi. Masalan, u onlayn qahva buyurtma qilishdan tortib, murakkab biznes vazifalarigacha boʻlgan jarayonlarni mustaqil bajara oladi.

Iris tayyor “mahoratlar” kutubxonasi bilan taʼminlangan boʻlib, unga elektron pochta qoralamalarini yozish, hisob-fakturalarni qayta ishlash, hisobotlar tuzish va hujjatlarni umumlashtirish kabi funksiyalar kiritilgan. Shu bilan birga, u foydalanuvchining ish stolidagi xatti-harakatlaridan oʻrganib, yangi vazifalarni oʻz roʻyxatiga qoʻshib boradi. Shuningdek, ilova ichida OpenAI Codex yoki Anthropic tomonidan taqdim etilgan Claude Code kabi dasturchilarga yordam beruvchi maxsus kod yordamchisi ham mavjud.

Loyiha asoschisi Jeffrey Laining soʻzlariga koʻra, asosiy maqsad intellektual mehnat xodimlarini zerikarli va takrorlanuvchi ishlardan xalos qilishdir. IrisGo maʼlumotlarning katta qismini qurilmaning oʻzida qayta ishlashga moʻljallangan boʻlib, bu bulutli texnologiyalarga tayanadigan boshqa ilovalarga qaraganda yuqori maxfiylikni taʼminlaydi. Mazkur startapni nafaqat Andrew Ng, balki NVIDIA va Google kabi texnologik gigantlar ham qoʻllab-quvvatlamoqda.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.