AMD Ryzen AI Max 400 Pro taqdim etildi: 160 GB gacha videomiyya imkoniyati

AMD kompaniyasi ishchi stansiyalar va sunʼiy intellekt vazifalariga moʻljallangan yangi Ryzen AI Max 400 Pro protsessorlar liniyasini rasman namoyish etdi. Ushbu chiplarning asosiy oʻziga xosligi 192 GB gacha tezkor xotirani qoʻllab-quvvatlashidir, bu esa yirik SI modellar bilan ishlashda keng imkoniyatlar yaratadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Arxitektura jihatidan ushbu chiplar Strix Halo seriyasiga yaqin boʻlsa-da, ular koʻproq korporativ segment va professional loyihalar uchun optimallashtirilgan. Tizimning eng muhim yangiligi — 192 GB unifikatsiyalangan xotiradan 160 GB gacha boʻlgan qismini oʻrnatilgan grafika (iGPU) uchun ajratish imkoniyatidir.
Bunday texnik koʻrsatkichlar platformani diskret GPU (videokarta)larsiz ham yirik sunʼiy intellekt modellarini lokal ishga tushirish va katta hajmdagi maʼlumotlar bilan ishlash uchun juda jozibador qiladi. Hozircha AMD mahsulotlarning aniq sotuvga chiqish muddatlarini ochiqlamadi.
Ekspertlarning fikricha, yangi liniya keyingi avlod Medusa Halo chiplari chiqquniga qadar oraliq yechim vazifasini oʻtaydi. Eslatib oʻtamiz, kecha AMD 84 yadroli EPYC 8005 protsessorlarini ham taqdim etgan va Ryzen AI Max 400 Pro bazasidagi kuchli mini-PK narxlarini eʼlon qilgan edi.













