Xiaomi havoni bir necha daqiqada tozalaydigan yangi gadjetini taqdim etdi

Xiaomi kompaniyasi Xitoyda yuqori unumdorlikka va kengaytirilgan filtrlash tizimiga ega Mijia Air Purifier 6 Max havo tozalagichini sotuvga chiqardi. Yangi qurilma 385 dollar narxida taklif etilmoqda. Qurilma ikki motorli arxitektura va uch tomonlama havo soʻrish konstruksiyasi bilan jihozlangan boʻlib, uning CADR koʻrsatkichi daqiqasiga 25 000 litrni tashkil etadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kompaniya hisob-kitoblariga koʻra, ushbu quvvat 25 kvadrat metr maydonga ega xonani taxminan 3 daqiqa ichida tozalash uchun yetarli hisoblanadi. Qurilma ikki turdagi filtr bilan taʼminlangan: birinchisi qurilish ishlaridan keyingi ifloslanishlarni, jumladan formaldegid va uchuvchi birikmalarni yoʻqotish uchun moʻljallangan boʻlsa, ikkinchisi 46 turdagi kundalik maishiy ifloslantiruvchi moddalarga qarshi kurashadi.
Mijia Air Purifier 6 Max antibakterial tozalash, hidlarni yoʻqotish hamda chang va uy hayvonlarining yungi kabi mayda zarralarni filtrlash funksiyalarini oʻz ichiga oladi. Shuningdek, u ultrabinafsha dezinfeksiya tizimi bilan jihozlangan boʻlib, u qator bakteriya va viruslarga qarshi 99,9% gacha samaradorlikni kafolatlaydi.
Alohida taʼkidlanishicha, qurilma allergenlarga, jumladan gul changi va chang kanalalariga qarshi 99,3% gacha samaradorlik koʻrsatadi. Qurilma real vaqt rejimida havo sifatining toʻqqizta parametrini kuzatib boradi va mobil ilova bilan sinxronlashadi, bu esa foydalanuvchiga ifloslanish darajasini doimiy nazorat qilish imkonini beradi.













