Huawei smartfonlari uchun HarmonyOS 7.0 yaqin: OpenHarmony 7.0 Beta 1 chiqdi

Huawei ekotizimining navbatdagi yirik yangilanishi yaqinlashmoqda: tarmoqda OpenHarmony 7.0 Beta 1 versiyasi paydo boʻldi. Ushbu maʼlumot ishlab chiquvchilar va open-source loyihalar uchun moʻljallangan GitCode platformasida (GitHub’ning Xitoydagi analogi) aniqlandi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Avvalroq Huawei yangilangan platformani sinovdan oʻtkazish uchun dasturchilarni jalb qilishni boshlagan edi. Bu esa HarmonyOS 7.0 reliziga faol tayyorgarlik koʻrilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Kompaniya tizimning ilk imkoniyatlarini 12-14-iyun kunlari boʻlib oʻtadigan HDC 2026 konferensiyasida namoyish etishi kutilmoqda.
HDC (Huawei Developer Conference) — bu kompaniyaning sunʼiy intellekt sohasidagi yutuqlari, ekotizimni rivojlantirish strategiyalari va dasturiy taʼminotning eng soʻnggi versiyalari taqdim etiladigan har yilgi anjumandir. Insayderlarning xabar berishicha, yangi operatsion tizim takomillashtirilgan foydalanuvchi interfeysi va yanada aqlli funksiyalarga ega boʻladi.
Yangi operatsion tizim Huawei Mate 90 seriyasidagi smartfonlarga oldindan oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Taxminlarga koʻra, HarmonyOS 7.0 versiyasida asosiy eʼtibor sunʼiy intellekt integratsiyasiga va qurilmalar oʻrtasidagi oʻzaro aloqa imkoniyatlarini kengaytirishga qaratiladi.













