NVIDIA xatolarga chidamli kvant kompyuterlarini yaratuvchi Alice & Bob startapiga sarmoya kiritdi

Parijda joylashgan Alice & Bob startapi oʻzining xususiy cat-qubit arxitekturasi asosida xatolarga chidamli kvant kompyuterlarini yaratish uchun NVIDIA kompaniyasining NVentures venchur fondidan investitsiya jalb qilganini eʼlon qildi. Mazkur mablagʻlar avvalroq Future French Champions, AXA Venture Partners va Bpifrance ishtirokida oʻtkazilgan 100 million yevrolik B raundi doirasidagi kengaytirilgan moliyalashtirish hisoblanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Alice & Bob oʻz uskunalarini NVIDIA platformasining CUDA-Q va NVQLink texnologiyalari bilan integratsiya qilmoqda. Bu kvant va klassik tezlatkichlarni yagona tizimga birlashtirish imkonini beradi. Bunday yondashuv NVIDIA kompaniyasining strategiyasiga toʻliq mos keladi: kompaniya oʻzining shaxsiy QPU qurilmalarini yaratishdan koʻra, dasturiy vositalar va turli kvant arxitekturalari bilan integratsiyalashuvga asosiy eʼtiborni qaratmoqda.
NVentures hozirda turli kvant texnologiyalariga, jumladan, ion tuzoqlari (Quantinuum), neytral atomlar (QuEra), foton yechimlari (PsiQuantum) va endilikda Alice & Bob startapining oʻta oʻtkazuvchan cat-kubitlariga sarmoya kiritmoqda. Bu NVIDIA kompaniyasining universallik va dasturiy moslashuvchanlikka boʻlgan intilishini aks ettiradi.
Alice & Bob startapining asosiy texnik ustunligi apparat darajasida bit-flip turidagi xatolarni bartaraf etishidir. Kompaniya hisob-kitoblariga koʻra, bu raqobatchilar kabi millionlab emas, balki atigi minglab fizik kubitlar yordamida xatolarga chidamli tizimni yaratishga imkon beradi. Startapning asosiy maqsadi 2030-yilga qadar amaliy jihatdan foydali boʻlgan kvant kompyuterini taqdim etishdir.
Ushbu moliyalashtirish davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash kuchaygan bir paytga toʻgʻri keldi: AQSHda CHIPS Act doirasida kvant kompaniyalari uchun 2 milliard dollar ajratilmoqda, Fransiyada esa 1,8 milliard yevrolik Proqcima dasturi amalga oshirilmoqda. Alice & Bob ushbu dastur doirasida milliy yetakchilardan biri sifatida eʼtirof etilgan. NVentures tomonidan kiritilgan sarmoyaning aniq miqdori va ulushi hozircha ochiqlanmagan.













