Olimlar ipakdan Kevlar kabi mustahkam va ekologik material yaratishdi

Olimlar ipakdan Kevlar kabi mustahkam va ekologik material yaratishdi

Bir guruh tadqiqotchilar tut ipak qurtidan olinadigan ipakni Kevlar mustahkamligiga yaqin, ammo toʻliq biologik parchalanadigan materialga aylantirish usulini ishlab chiqishdi. Anʼanaviy texnologiyalardan farqli oʻlaroq, yangi yondashuv murakkab kimyoviy ishlov berishni talab qilmaydi: tolalar tekislanadi va maʼlum harorat hamda bosim ostida presslanadi, bu esa ipakning tabiiy tuzilishini saqlab qolish imkonini beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Natijada yuqori uzilish mustahkamligiga ega boʻlgan zich va shaffof material hosil boʻladi. Presslashning optimal parametrlari 125–215 °C harorat va 1900 dan 9800 atmosferagacha boʻlgan bosimni tashkil etadi. Bunday sharoitda tolalar bir-biriga yopishib, yuklamani teng taqsimlovchi kuchli tolalararo bogʻlanishga ega boʻlgan, yogʻochsimon tuzilmani hosil qiladi.

Yangi material koʻrinadigan yorugʻlik diapazonida shaffof boʻlib, undan optik texnologiyalar va sensorlarda foydalanish mumkin. Ballistik sinovlar shuni koʻrsatdiki, u aviatsiya va avtomobilsozlikda qoʻllaniladigan uglerod tolali plastiklardan (ugleplastik) qolishmaydi. Shuningdek, material tabiatda oson parchalanadi, bu esa uni barqaror texnologiyalar uchun istiqbolli qiladi.

Olimlar materialni tibbiy maqsadlarda ham sinovdan oʻtkazishdi: u organizmda sekin eriydi, bu vaqtinchalik tibbiy implantlar uchun juda muhimdir. Kelajakda jamoa texnologiyani kengaytirish va sanoatda qoʻllash uchun murakkab shakldagi buyumlar yaratishni rejalashtirmoqda. Tadqiqotchilar tabiiy materiallar nafaqat ekologik toza, balki yuqori texnologik boʻlishi mumkinligini taʼkidlamoqda.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.