“Abadiy” akkumulyatorlar yaqin: Yapon olimlari batareya umrini 400 baravar uzaytirdi

“Abadiy” akkumulyatorlar yaqin: Yapon olimlari batareya umrini 400 baravar uzaytirdi

Yaponiyaning Toxoku universiteti tadqiqotchilari qattiq jismli magniy akkumulyatorlarining chidamliligi va barqarorligini sezilarli darajada oshirishga imkon beruvchi innovatsion texnologiyani ishlab chiqdilar. Bunday batareyalar xavfsizligi va xomashyo narxining arzonligi tufayli hozirgi litiy-ionli analoglarga eng istiqbolli muqobil hisoblanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Shu vaqtgacha magniy batareyalarini ommaviy joriy etishga ichki komponentlar tutashgan joydagi istalmagan kimyoviy reaksiyalar toʻsqinlik qilib kelayotgan edi. Bu jarayonlar qurilmaning ishlash muddatini tezda qisqartirardi. Biroq professor Hao Li boshchiligidagi mutaxassislar ushbu reaksiyalarni butunlay yoʻq qilish shart emasligini, balki ularni toʻgʻri nazorat qilish orqali ionlar oʻtkazuvchanligini tezlashtirish mumkinligini aniqlashdi.

Gʻoyani amalga oshirish uchun olimlar magniy va qalay (Mg-Sn) qotishmasidan maxsus anod yaratdilar. Yangi arxitektura kimyoviy reaktivlik va oʻtkazuvchanlik oʻrtasida mukammal muvozanatni taʼminladi: magniy ionlari silliqroq harakatlana boshladi, quvvatlash va quvvatsizlanish jarayonida esa choʻkish bir tekisda kechdi.

Sinovlar davomida optimallashtirilgan Mg-Sn qotishmasi 1300 soatdan ortiq barqaror ishlashni koʻrsatdi. Eng muhimi, ushbu qotishmaning siklik resursi (toʻliq quvvatlash va quvvatsizlanish) sof magniyga qaraganda 400 baravar yuqori boʻlib chiqdi. Bu esa batareyalarning xizmat qilish muddati kolossal darajada oʻsishidan dalolat beradi.

Yapon fiziklarining muvaffaqiyati butun energiya saqlash sanoati uchun yangi strategiyani taklif etadi. Qattiq jismli akkumulyatorlar yonuvchan suyuq elektrolit oʻrniga qattiq materialdan foydalanilgani sababli yongʻin xavfini yoʻqotadi va energiya zichligini oshiradi. Mualliflarning taʼkidlashicha, ushbu uslub kelajakdagi boshqa turdagi akkumulyatorlarni loyihalashda ham muvaffaqiyatli qoʻllanilishi mumkin.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.