Trump maʻmuriyati Volvo kompaniyasiga AQSHda avtomobil sotishga ruxsat berdi

Trump maʻmuriyati Volvo kompaniyasiga AQSHda avtomobil sotishga ruxsat berdi

Volvo Cars kompaniyasi Trump maʻmuriyati bilan kelishuvga erishdi. Unga koʻra, avtoishlab chiqaruvchi Xitoyning “aqlli” avtomobil texnologiyalariga qarshi joriy etilgan cheklovlardan mustasno qilindi. Asosiy aksiyalari Xitoyning Geely Holding kompaniyasiga tegishli boʻlgan Shvetsiya brendi AQSH Savdo vazirligidan tegishli ruxsatnomani olganini maʻlum qildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Mazkur ruxsatnoma Volvo kompaniyasiga Xitoy dasturiy taʻminoti va texnologiyalari bilan jihozlangan avtomobillarni AQSHga import qilish va sotishni davom ettirish imkonini beradi. Connected car texnologiyalari smartfonlar bilan sinxronizatsiya qilishdan tortib, avtonom boshqaruv funksiyalarigacha boʻlgan dasturiy taʻminotni oʻz ichiga oladi.

Eslatib oʻtamiz, 2025-yil yanvar oyida Biden maʻmuriyati milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan Xitoyda ishlab chiqilgan dasturiy va apparat taʻminotiga ega avtomobillarni taqiqlash haqida qaror qabul qilgan edi. Volvo avtomobillari asosan Shvetsiyada ishlab chiqarilsa-da, kompaniyaning Geely bilan aloqalari va Xitoydagi zavodlari sababli ushbu cheklovlarga tushib qolgan edi.

Volvo vakillarining soʻzlariga koʻra, ushbu kelishuv Savdo vazirligi bilan boshqaruv, texnologiya va maʻlumotlar xavfsizligi boʻyicha oʻtkazilgan konstruktiv muzokaralar natijasidir. Endilikda kompaniya AQSHdagi kengayish rejalarini, jumladan, Janubiy Karolinadagi zavodida XC60 va yangi gibrid modellarni ishlab chiqarishni davom ettiradi.

Shuningdek, yangi qoidalarga koʻra, Xitoy kompaniyalariga AQSHda haydovchisiz avtomobillarni sinovdan oʻtkazish taqiqlanishi kutilmoqda. Hozirda Baidu, Pony.ai va WeRide kabi kompaniyalar Kaliforniyada bunday sinovlarni oʻtkazish ruxsatnomasiga ega, biroq ushbu litsenziyalarning bekor qilinishi masalasi koʻrib chiqilmoqda.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.