Trump maʻmuriyati Volvo kompaniyasiga AQSHda avtomobil sotishga ruxsat berdi

Volvo Cars kompaniyasi Tramp maʻmuriyati bilan kelishuvga erishdi, unga koʻra avtomobil ishlab chiqaruvchisi Xitoyning aloqa texnologiyalariga qoʻyilgan cheklovlardan ozod qilindi. Aksariyat ulushi Xitoyning Geely Holding kompaniyasiga tegishli boʻlgan Shvetsiya brendi seshanba kuni AQSH Savdo vazirligidan Xitoy dasturiy taʻminotiga ega avtomobillarni import qilish va sotishni davom ettirish uchun maxsus ruxsatnoma olganini maʻlum qildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Mazkur texnologiyalar smartfonlar bilan sinxronizatsiya qilishdan tortib, avtonom boshqaruv funksiyalarigacha boʻlgan barcha dasturiy taʻminotni oʻz ichiga oladi. Yanvar oyida Bayden maʻmuriyati tomonidan milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan Xitoy kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan va qoʻllab-quvvatlanadigan dasturiy hamda apparat vositalariga ega avtomobillarni taqiqlash boʻyicha qoidalar tasdiqlangan edi. Volvo aynan shu qoidalar doirasida cheklovga tushishi kutilayotgan edi.
Volvo vakillarining soʻzlariga koʻra, ushbu ruxsatnoma Savdo vazirligi va boshqa rasmiylar bilan kompaniya boshqaruvi, texnologiyalari hamda maʻlumotlar xavfsizligi boʻyicha oʻtkazilgan "konstruktiv muzokaralar" natijasida berilgan. Endilikda kompaniya AQSH bozoridagi kengayish rejalarini, jumladan, Janubiy Karolinadagi zavodida XC60 va yangi gibrid modellarini ishlab chiqarishni davom ettirishi mumkin.
Shuningdek, Volvo oʻzining shoʻba korxonasi boʻlgan Polestar brendining Polestar 3 elektromobili ishlab chiqarishini ham toʻliq AQSHga koʻchirishni rejalashtirmoqda. Hozirda ushbu model Xitoyning Chendu shahrida ham ishlab chiqarilmoqda. Yangi qoidalar, shuningdek, Baidu’ning Apollo Autonomous Driving, Pony.ai va WeRide kabi Xitoy kompaniyalariga AQSHda haydovchisiz avtomobillarni sinovdan oʻtkazishni taqiqlashni ham nazarda tutadi.













