Google AppSheet orqali tarqatilayotgan yangi firibgarlik sxemasi aniqlandi

«Kaspersky laboratoriyasi» mutaxassislari Google AppSheet platformasidan foydalangan holda amalga oshirilayotgan yangi firibgarlik sxemasini aniqlashdi. Jinoyatchilar yirik kompaniyalar nomidan niqoblanib, foydalanuvchilarga jozibador ish takliflari bitilgan xatlarni ommaviy ravishda joʻnatmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Foydalanuvchilar noreply@appsheet.com rasmiy servis manzili orqali xat olishadi va ulardan shaxsiy maʼlumotlarini taqdim etish soʻraladi. Google AppSheet platformasining imkoniyatlari firibgarlarga spam-filtrlarni chetlab oʻtishga va foydalanuvchilar ishonchini qozonishga yordam bermoqda.
Baʼzi holatlarda firibgarlar fishing havolalaridan ham foydalanmay, shunchaki javob xati yozishni soʻrash bilan cheklanishmoqda. AppSheet nafaqat elektron pochta, balki SMS xabarlar yuborish imkonini ham berishi kiberhujumlar koʻlamini yanada kengaytirmoqda.
«Kaspersky laboratoriyasi» katta spam-tahlilchisi Anna Lazaricheva hatto ishonchli manzillardan kelgan xabarlarni ham diqqat bilan tekshirishni tavsiya qiladi. Kutilmagan ish takliflari va shaxsiy maʼlumotlar soʻralgan xabarlarga nisbatan doimo ehtiyotkor boʻlish zarur.













