JSST transyog‘larni butunlay taqiqlashga chaqirdi

JSST transyog‘larni butunlay taqiqlashga chaqirdi
Sanoat yo‘li bilan ishlab chiqariladigan transyog‘lar hali-hanuz oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlashda keng qo‘llanilmoqda. Bu esa Yer yuzida yashovchi sakkiz milliarddan ziyod aholining beshdan bir qismi salomatligiga jiddiy xavf solyapti.

JSSTga ko‘ra, yiliga yarim million odamning yurak-qon tomir kasalliklari oqibatida erta hayotdan ko‘z yumishiga aynan shunday zararli ingrediyentlar sabab bo‘lmoqda.

Shu bois Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarda 2021 yildan boshlab faqat 100 gramm yog‘ tarkibida 2 grammdan kam transyog‘lar bo‘lgan mahsulotlar savdosiga ruxsat berilgan.

Daniyada esa sanoat yo‘li bilan tayyorlanadigan transyog‘larga 20 yil oldin keskin cheklovlar joriy etilgan. Shu tufayli hozir ushbu davlatda yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish holatlari sezilarli darajada kamaygan.

«Transyog‘lar inson o‘limiga sabab bo‘luvchi zaharli moddalardir, — deydi JSST rahbari Tedros Gebreyesus. — Shunday ekan, ularning iste’molini butunlay taqiqlash vaqti keldi. Bu borada hukumatlarni keskin choralar ko‘rishga chaqiramiz».

Tahlillarga ko‘ra, transyog‘larni ko‘p iste’mol qilish sog‘liq uchun zararli. U lipometabolik kasalliklar rivojlanish xavfini oshiradi. Bundan tashqari, yurak-qon tomir xastaliklarini keltirib chiqaradi.

Eslatib o‘tamiz, margarin, «fast-fud», yarim tayyor yeguliklar, non va non mahsulotlari, qandolatlar hamda qovurilgan kartoshka frisi tarkibida transyog‘lar ko‘p miqdorda uchraydi.
"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.